AQSHda Mustaqillik kuni 402 kishi hibsga olindi
Kaliforniya shtati Nyuport-Bich shahrida Mustaqillik kuni bayrami ommaviy tartibsizlik bilan yakunlandi.
Shahar politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bayram davomida jami 402 shaxs hibsga olingan. Ularning taxminan yarmi shanba oqshomi Balboa yarim orolida sodir bo‘lgan yirik favqulodda voqea chog‘i qo‘lga olingan. Politsiya tomonidan tarqatilgan suratlarda juda ko‘p odam to‘plangan joyda yerga yaqin masofada portlayotgan feyerverklar va tartibsizlik aks etgan.
4-iyul kuni bayram tadbirlari shaharda minglab odamni jalb qildi. Kechga yaqin ijtimoiy tarmoqdagi chaqiriq sabab, Nyuport-Pir sohili atrofiga qisqa vaqtda ko‘p sonli o‘smir va yosh to‘plandi. Politsiya ma’lum qilishicha, aynan shundan so‘ng vaziyat tezda nazoratdan chiqdi. Huquq-tartibot idoralari xabariga ko‘ra, yig‘ilganlar orasida mushtlashuv yuz bergan, ayrim ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan, noqonuniy pirotexnika vositalari ishlatilgan hamda mahalliy “Pavilions” supermarketi talon-toroj qilingan. Shuningdek, ba’zi shaxslar feyerverkni odamlar to‘plangan joyga yoki politsiya xodimlariga qarata otgan. Oqibatda bir politsiyachi minomyot turidagi pirotexnika zarbasidan jarohat olgan.
Vaziyat keskinlashgach, politsiya yig‘ilishni noqonuniy. deb e’lon qildi. Shundan keyin mahalliy politsiyaga qo‘shimcha 17 hududiy huquqni muhofaza qilish idorasidan jalb etilgan 350 xodim jalb qilinib, olomon tarqatildi, yo‘llar ochilib, aholi va mehmonlar xavfsizligi ta’minlandi.
Politsiya ma’lumotida o‘tgan yil xuddi shu davr – 3-iyul yarim tundan 5-iyul soat 06:00 gacha atigi 60 kishi hibsga olingani keltirilgan. Bu yil esa ayni ko‘rsatkich 402 nafarga yetgan. Darvoqe, taxminan 200 odam 28-ko‘cha atrofida politsiyaning bir necha bor yangragan tarqalish to‘g‘risidagi qonuniy buyrug‘iga bo‘ysunmagani uchun qo‘lga olingan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA