AQSH–YeI savdo kelishuvi tanqid ostida
Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasida imzolangan yangi savdo bitimi mintaqaning yirik iqtisodiy davlatlari – Fransiya va Germaniyada salbiy munosabat uyg‘otdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers kelishuv mamlakat moliyasiga “jiddiy zarar yetkazadi” dedi. Fransiya bosh vaziri Fransua Bayru esa bitimni “taslim bo‘lish” deb atadi.

Kelishuvga ko‘ra, AQSH Yevropa mahsulotlariga 15 foizlik boj joriy etadi, buning evaziga YeI Amerika energiya resurslarini ko‘proq sotib oladi va ayrim import soliqlarini kamaytiradi. Bu Tramp ilgari tahdid qilgan 30 foizlik tarifdan ikki baravar kam bo‘lsa-da, ko‘plab Yevropa poytaxtlarida norozilik bilan qarshi olindi.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Trampni “muzokarada ustun” deb atagan bo‘lsa, Ispaniya rahbari Pedro Sanches bitimni “noilojlikdan” qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Shunga qaramay, ayrim davlatlar tarif ziddiyatidan qochish va barqarorlikni ta’minlash uchun kelishuvni “zarur qadam” sifatida ko‘rmoqda. YeI savdo komissari Marosh Shefchovich uni “murakkab sharoitlarda erishilgan eng yaxshi natija” deb himoya qildi.
Bitim hali tuzilmaga a’zo 27 davlat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Shu paytgacha hech bir o‘lka bloklash niyatini bildirmagan bo‘lsada, Bryusselda kelishuvni “zararni cheklash” sifatida baholash kuchaymoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA