AQSH vitse-prezidenti Eronga maktub yo‘lladi (+video)
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Eron bilan diplomatik muzokarani tiklash maqsadida mamlakat Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhsin Rizoiyga maktub yo‘llagan. Bu haqda “The Wall Street Journal” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu xat orqali Vashington va Tehron o‘rtasida kelishuvga erishish imkoniyatini aniqlashga harakat qilingan. Asosiy maqsad – Prezident Donald Trampni yaqin haftalarda Eronga qarshi qisqa, ammo kuchli harbiy zarba berish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish fikridan qaytarish.
Vens AQSH Eron bilan tinchlik muzokarasini boshlash uchun, avvalo, Islom Respublikasining yadroviy dasturi masalasini muhokama qilish zarurligini bildirgan. Hozircha ikki tomon aniq tinchlik kelishuvi shartini emas, balki muloqot boshlash imkoniyatini muhokama qilyapti.
Eron tomoni Vashington bilan muzokara o‘tkazish uchun avval asosiy talab bajarilishi kerakligini bildirmoqda. Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhsin Rizoiy mamlakat busiz kelishib bo‘lmasligini aytgan.
Tramp o‘tgan hafta Vashington Tehron bilan muloqot qilmayotganini ta’kidlab, harbiy harakatga tez orada kirishilishi mumkinligini istisno etmagan. U Vensning Eron bilan aloqalari haqidagi savolga javob berar ekan, suhbat asosan og‘ir ahvoldagi insonlar uchun tibbiy uskuna yetkazib berish mavzusiga taalluqliligiga e’tibor qaratgan.
“The Wall Street Journal” manbalariga ko‘ra, Vens omma oldida Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, shaxsiy suhbatlarda jangni uzoq davom ettirish zaruratiga shubha bildirgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy esa mamlakat diplomatiyaga imkon berishda davom etayotgani, faqat qurolli kuchlar har qanday ehtimoliy tahdidga qarshi turishga tayyor ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga Tehronning yadroviy masalada yon berish niyati yo‘qligini ham qo‘shimcha qilgan.
AQSHda Kongressga oraliq saylov yaqinlashgani sayin harbiy amaliyot qaytalanishi bilan bog‘liq xavotir kuchaymoqda. Diplomatik manbalar esa Tramp hali yangi zarbalar berish bo‘yicha yakuniy qarorga kelmaganini ta’kidlamoqda.
Umuman, Vashington va Tehron diplomatik muloqotni tiklashga urinyapti. AQSHning yadroviy dastur bo‘yicha talabi, Eronning o‘z shartlaridan chekinmasligi va harbiy hujum ehtimoli muzokara muvaffaqiyatli yakunlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Mintaqadagi davlatlar esa mojaro yanada kengayishining oldini olish uchun vositachilik harakatini kuchaytirgan.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov (video), O‘zA