Qo‘shma Shtatlar va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar har ikki tomonning yaxshi kelishayotganiga ishora qilmoqda, deb xabar bermoqda “CNN” nashri.
O‘tgan hafta oxirida O‘monda bo‘lib o‘tgan dastlabki bosqichdan so‘ng ikki davlat delegatsiyalari navbatdagi muzokaralar uchun Rimda uchrashdi. Endilikda Fors ko‘rfazida joylashgan O‘mon Sultonligi shanba kuni Masqatda kutilayotgan yuqori darajadagi uchinchi raundda vositachilik qiladi.
Tramp ma’muriyati so‘nggi muloqotlardan so‘ng ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtalib, “juda yaxshi taraqqiyotga” ishora qildi va tomonlar shu hafta “yana uchrashishga kelishib olganini” ma’lum qildi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi ham muzokaralar ko‘ngildagidek kechganini ta’kidladi.
– Aytishim mumkinki, oldinga siljish bor, -dedi u. – Biz Rim muzokaralarida ba’zi prinsiplar va maqsadlar bo‘yicha bir-birimizni yaxshiroq tushundik.
Avvalroq, prezident Donald Tramp rasmiy Vashington Tehron bilan kelishuvga erisha olmasa, AQSH Isroil yordamida Eron yadroviy ob’ektlariga harbiy zarbalar berish bilan tahdid qilgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA