AQSHning mamlakatimizdagi Bosh konsuli Robert Romanovski boshchiligidagi elchixona vakillari Namangan muhandislik-texnologiya institutiga bordi.
Oliygoh rahbariyati va Amerika elchixonasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan rasmiy muzokaralar davomida Namangan muhandislik-texnologiya instituti faoliyati samaradorligini oshirishda xalqaro tajribalardan foydalanish, xalqaro grantlar va stajirovka dasturlarida ko‘maklashish, talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun kichik moliyaviy hajmdagi ilmiy loyihalar, dasturlarni amaliyotga joriy etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, volontyor Tiffany Dreyp xalqaro Fulbrayt loyihasi doirasida Namanganda bir oy davomida faoliyat yuritishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi. U asosan talabalar, professor-o‘qituvchilar bilan birgalikda zamonaviy loyihalarni institutga tatbiq etishga yaqindan yordam ko‘rsatadi va o‘zaro tajriba almashadi.

– Namanganga birinchi bor kelishim, – deydi AQSHning mamlakatimizdagi Bosh konsuli Robert Romanovski. – AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi yurtingizdagi ko‘pgina oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib keladi. Namangan muhandislik-texnologiya instituti esa bizning eng yaqin hamkorlarimizdan hisoblanadi. Bugun ham ko‘p masalalar yuzasidan fikr almashinildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri