AQSH Senati delegatsiyasi Samarqandda
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan AQSH Senatining Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, senator Stiv Deyns boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga keldi.
Mehmonlarni Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat hokimligi mas’ullari kutib oldi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Amir Temur maqbarasini ziyorat qilib, buyuk jahongir va temuriylarning davlatchilik tarixi hamda amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Temuriylardan meros tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi ishlarga yuqori baho berildi.
Shundan so‘ng mehmonlar dunyoga mashhur Registon maydonida bo‘lib, bu yerdagi madrasalarning yaratilish tarixi va bugungi holati bilan yaqindan tanishdi. Ayni paytda mazkur maskanning turistik salohiyati va uning jozibadorligini oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, bu yerda o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar to‘g‘risida gapirib berildi.
[photobank-31218]
Senator Stiv Deyns boshchiligidagi delegatsiya Samarqandning boshqa tarixiy yodgorliklari va diqqatga sazovor maskanlarida ham bo‘ldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari