AQSH Saudiya Arabistoni bilan yadroviy hamkorlik kelishuvini ma’qulladi
Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonining yadroviy dasturini rivojlantirishga qaratilgan yangi kelishuvni ma’qulladi. “Associated Press” axborot agentligi xabar berishicha, hujjat yaqin kunlarda rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.
Kelishuv 30 yil muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, buning doirasida Amerika kompaniyalari Saudiyaning yadroviy energetika dasturini rivojlantirishda ishtirok etadi. Shuningdek, mamlakatda uran boyitish inshootini qurish imkoniyati ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, bitim Kongress muhokamasiga kiritiladi. Biroq ayrim qonun chiqaruvchilar Saudiyaga uranni boyitish imkoniyati berilishi yadroviy qurol tarqalishi xavfini kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Shu bilan birga, kelishuvga Xalqaro atom energiyasi agentligining (MAGATE) qo‘shimcha protokoli kiritilmagan. Mazkur hujjat davlatlarning yadroviy faoliyati ustidan yanada keng qamrovli nazorat va tekshiruvlar o‘tkazish imkonini beradi.
Qiziq jihati, bu qaror AQSH va Isroilning Eron yadroviy dasturiga qarshi olib borayotgan harbiy harakatlari fonida qabul qilinmoqda. Avval ham Donald Tramp va AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni bilan yadroviy energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishishga harakat qilgan edi. Ekspertlar Saudiya hududida uranni boyitish texnologiyasining paydo bo‘lishi kelajakda harbiy yadroviy dasturga yo‘l ochishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA