AQSH “Rosneft” va “Lukoyl”ni nishonga oldi
Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Donald Tramp Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi yangi sanksiyalar joriy etdi, deb xabar bermoqda “BBC” nashri.
– Har safar Putin bilan gaplashaman, suhbat yaxshi o‘tadi, ammo hech qanday natija bo‘lmaydi, — dedi Tramp.
Yangi sanksiyalar e’loni Trampning Budapeshtda Putin bilan rejalashtirilgan uchrashuvi bekor qilinganidan bir kun o‘tib yangradi. AQSH g‘aznachilik kotibi Skott Bessent bu chorani “RFning ziddiyatni to‘xtatishdan bosh tortgani” bilan izohladi.
– Bu neft kompaniyalari Kremlning nizo mashinasini moliyalayapti. Endi darhol o‘t ochishni to‘xtatish vaqti keldi, -dedi u.
Buyuk Britaniya ham yaqinda Rossiyaning mazkur neft kompaniyalariga qarshi shunga o‘xshash sanksiyalar joriy qilgan edi. Yevropa Ittifoqi esa RF suyuq gazini import qilishni taqiqlagan 19-paket sanksiyani tasdiqladi.
Rasmiy Moskva bu choralarni “energetika xavfsizligiga zarba” deb atab, sanksiyalar muloqotni murakkablashtirishi va keskinlikni oshirishi bilan izohladi.
Ma’lumot o‘rnida: RF kuniga 3,1 million barrel neft eksport qiladi, bu global ishlab chiqarishning qariyb 6 foizini tashkil etadi. Asosiy xaridorlari — Xitoy, Hindiston va Turkiya. Tramp ushbu davlatlarni ham Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga chaqirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA