AQSH Okinavadagi qotillik surishtiruvida Yaponiyaga yordam beradi
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Yaponiyaning Okinava orolida amerikalik dengiz piyodasi tomonidan mahalliy ayol o‘ldirilishi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan olib borilayotgan tergovda Yaponiya rasmiylari bilan to‘liq hamkorlik qilishga va’da berdi.
Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Rubio Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi bilan telefon orqali gaplashib, marhum fuqaroning oilasiga chuqur hamdardlik bildirgan. Shuningdek, AQSH tomoni tergov jarayonida mamlakat hukumati va mahalliy hokimiyat idoralari bilan yaqin hamkorlik qilish, jarayonga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligi ta’kidlangan.
Mahalliy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Futenma dengiz piyodalari qo‘shinida xizmat qiluvchi Devin Jeykob Ballard 4-oktabr kuni Naxa shahridagi mehmonxonada 39 yoshli Anna Yagiga nisbatan talonchilik va qotillikda gumonlanib qo‘lga olingan. Askar o‘ziga qo‘yilgan ayblovni inkor etyapti.
Hududda ommaviy norozilik keltirib chiqargan ushbu fojea ortidan mintaqadagi Amerika harbiylari uchun bir oy muddatga komendantlik soati joriy etildi. Shuningdek, spirtli ichimlik iste’mol qilish taqiqlanib, intizom qoidasi bo‘yicha maxsus mashg‘ulot o‘tila boshlandi.
Ma’lumki, kun chiqar yurtda AQSHning xorijdagi eng yirik harbiy kontingentlaridan biri joylashgan. Mamlakatdagi 18 000 amerikalik dengiz piyodasi qo‘shinining asosiy qismi Okinava orolida xizmat qiladi.
Muloqot davomida Rubio va Motegi Xalqaro jinoyat sudiga nisbatan AQSH tomonidan joriy etilgan sanksiya, shuningdek 30-oktabr kuni Atlanta shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan G20 mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari sammiti masalalarini ham muhokama qilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA