Amerika Qo‘shma Shtatlari Kanada va Meksikaga ilgari e’lon qilingan tarifni qo‘llay boshlaydi, deyilgan Oq uyning navbatdagi bayonotida.
Avvalroq seshanba kunidan boshlab bu ikki qo‘shni davlatdan kirib keladigan tovarlarga 25 foiz, shuningdek Xitoy importiga qo‘shimcha 10 foiz boj qo‘yilishi, bu harakat noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bilan izohlanishi xabar qilingandi. Rasmiylar bu chora-tadbirlar milliy iqtisodiyotni himoya qilish, chetdan tahdidga chek qo‘yishga qaratilganini ta’kidlamoqda.
Prezident Donald Tramp boj istisnosiz kuchga kirishini tasdiqladi, yangi tarifdan qochish uchun “hech qanday yo‘l qolmagani”ni qo‘shimcha qildi.
“Blumberg” agentligi yozishicha, Xitoyga nisbatan va’da qilingan qoida ham kuchga kirgan.
Janubiy va shimoliy qo‘shni hamda Chin yurtiga qarshi qo‘llanayotgan iqtisodiy bosim javobsiz qolmasligi aniq. Zero, bu davlatlar Oq uy siyosatiga qarshi munosib chora ko‘rilishini ta’kidlab keladi. Masalan, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo yakshanba kuni agar Ottavaga import boji joriy qilsa, AQSH Kanadaning “mutanosib” harakatiga duch keladi, deya bayonot berdi.
– Seshanba kunidan boj belgilanmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishda davom etamiz, – dedi u Londonda jurnalistlarga. – Agar yangi tarif joriy etilsa, o‘tgan safargidek, qat’iy, aniq va mutanosib javob berishga tayyormiz. Zero, kanadaliklar shuni kutmoqda.
Avvalroq Tramp Kanadadan olib kiriladigan tovarlarga import boji joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Keyinchalik Amerika rahbari himoya tarifi joriy etilishini 4 martgacha to‘xtatishga qaror qilgan edi.
Amerika yetakchisi Yevropa Ittifoqidan kelayotgan mahsulotlarga ham boj miqdorini ko‘tarish kerakligini aytib keladi. Ayrim tahlilchilar hamkorlarga nisbatan qo‘llanayotgan bunday choralar savdo urushi xavfini yuzaga chiqarishi mumkinligi, jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytmoqda. Zero, dunyo yalpi ichki mahsulotida mazkur mamlakatlarning ulushi sezilarli darajada yuqori hisoblanadi.