AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Davlat departamenti sayti orqali shu haqda ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Jo Bayden prezidentlik vazifasini bajarishga kirishgan kundanoq, ya’ni 20 yanvarda shu haqdagi hujjatni imzolagan edi.
Blinkenning aytishicha, Vashington iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarni turli darajada bo‘lib o‘tadigan muhim muzokaralarga olib chiqadi.
"Iqlim o‘zgarishi oqibatida paydo bo‘ladigan xavfga qarshi kurashish va olimlarimiz bildirgan fikrlarga quloq solish bizning ichki va tashqi siyosatimiz markazida bo‘ladi", — deya qo‘shimcha qildi davlat kotibi.
“Bu milliy xavfsizlik, migratsiya, xalqaro sog‘liqni saqlash, shuningdek iqtisodiy diplomatiya va savdo muzokaralarida hayotiy muhim masaladir”, dedi u.
Iqlim bo‘yicha Parij bitimi
Mazkur bitim iqlim bo‘yicha birinchi global miqyosdagi hujjat hisoblanib, u 2015 yil dekabrda 190 ta davlat tomonidan imzolangan. Bitim global isishni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning harakatlar rejasini belgilaydi.
Bitim qazib olinadigan yoqilg‘ilardan butunlay voz kechishni nazarda tutmaydi, albatta. Ammo barcha mamlakatlar havoga chiqarayotgan chiqindilar miqdorini kamaytirishi, so‘nggi texnologiyalarni joriy qilishi va iqlim o‘zgarishlariga moslashishi bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi lozim. Bundan tashqari, energiya eksportida qayta tiklanadigan manbaalar ulushini oshirishi ham ko‘zda tutilgan.
AQSH Donald Tramp prezidentlik qilgan paytda mazkur bitimdan chiqib ketgan edi, ammo Jo Bayden prezidentlikning birinchi kunidayoq mamlakatning Parij bitimiga qaytishi bo‘yicha farmonni imzoladi.