AQSH Eronga qarshi iqtisodiy bosimni kuchaytirmoqchi
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi “misli ko‘rilmagan miqyosda iqtisodiy bosim va izolyatsiya” boshlanganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Tehronga moliyaviy yoki logistik yordam ko‘rsatadigan davlatlar ham jiddiy iqtisodiy oqibatlarga duch kelishi mumkin.
Tramp 19-avgust kuni “Truth Social”dagi bayonotida Islom Respublikasiga kelishuv tuzish uchun imkoniyat berilgani, ammo Eron bu imkoniyatdan foydalanmaganini ta’kidladi.
Bu bayonot Qo‘shma Shtatlar moliya vaziri Skott Bessentning 13-avgustda Eronga qarshi yangi iqtisodiy choralar tayyorlanayotgani haqidagi bildirishidan bir necha kun o‘tib yangradi. Bessentning qo‘shimcha qilishicha, Vashington Eronga nisbatan iqtisodiy izolyatsiyani yanada kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, Tramp hozircha yangi choralarning aniq mexanizmi yoki qaysi davlatlarga nisbatan qanday sanksiyalar qo‘llanishini ochiqlamagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA