AQSH-Eron ziddiyati: muzokaralar yoqasida tanglik…
Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining taqdiri hali ham noaniqligicha qolmoqda. Islomobodda o‘tishi mumkin bo‘lgan yangi uchrashuvlar arafasida Tehron ularda ishtirok etish masalasini ko‘rib chiqmoqda, ammo hozircha aniq qaror qabul qilinmagan. Rasmiylar Vashingtonning portlar bo‘yicha blokadasi va sulh kelishuviga rioya etmayotganini asosiy to‘siq sifatida baholamoqda.
Ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi yakunlanishiga sanoqli kunlar qolgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Bu kelishuv yuzlab insonlar halok bo‘lgan nizoni vaqtincha to‘xtatgan edi, biroq so‘nggi voqealar uning barqarorligiga shubha uyg‘otmoqda. Ayniqsa, AQSH tomonidan Eron kemasining to‘xtatilishi va Tehronning javob qaytarish tahdidlari taranglikni kuchaytirdi.
Tomonlar muzokaralarda o‘z manfaatlarini ilgari surmoqda. Vashington yangi kelishuv orqali neft narxlarining keskin o‘sishini to‘xtatishni istasa, Tehron Hurmuz bo‘g‘ozidagi nazoratidan foydalanib sanksiyalar yumshatilishini va yadroviy dasturiga nisbatan bosim kamaytirilishini ko‘zlamoqda. Shu bilan birga, o‘zaro ishonchning pastligi tezkor kelishuv ehtimolini cheklab qo‘yayotgani aytilmoqda.
Ayni paytda vaziyat global bozorlarga ham ta’sir qilmoqda. Neft narxlari yana o‘sishni boshladi, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kema harakati keskin kamaydi. Agar muzokaralar natija bermasa, sulh buzilishi va urush qayta avj olishi xavfi saqlanib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA