AQSH elchisi Surxondaryoda
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan yaqindan tanishish hamda o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama etish uchun kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Rozenblyum boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Ayni paytda viloyatda AQSH biznes vakillari sarmoyasi ishtirokida 2 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
AQSH favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Rozenblyum boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv chog‘ida viloyat hokimi To‘ra Bobolov Surxondaryoning iqtisodiy, ijtimoiy, jug‘rofiy imkoniyatlari hamda o‘ziga xos investitsiyaviy xususiyatlari, qo‘shni Afg‘onistonning Balx viloyati bilan faol hamkorlik aloqalari, chegara oldi hududda barpo etilayotgan «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi va «Termiz» xalqaro savdo markazida yaratilayotgan zamonaviy sharoit hamda qulayliklar to‘g‘risida so‘z yuritdi. Mehmonlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Uchrashuvda Daniyel Rozenblyum mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Surxondaryo viloyati bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, ta’lim va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, Termiz shahrida bepul ingliz tilini o‘rganish, ushbu tildagi o‘quv va madaniy materiallardan foydalanish, AQSHda ta’lim bo‘yicha maslahat olish imkoniyatini beruvchi «Amerika burchagi»ni ochish g‘oyalarini ilgari surdi. Mazkur takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi delegatsiyasi viloyatga 3 kunlik safari davomida Termiz davlat universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialida borishi, muzeylar, shuningdek, qator tarixiy qadamjolar va boshqa turizm ob’ektlarini tomosha qilishi ko‘zda tutilgan.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA