AQSH dollarida Trampning imzosi paydo bo‘lishi mumkin
AQSH Moliya vazirligi Prezident Donald Trampning imzosi kelajakda mamlakat qog‘oz pul birligi dizayniga tushirilishi ehtimolini bildirdi. Bunday amaliyot amaldagi davlat rahbari bilan ilk bor yuz berishi mumkin.
"Kazinform" yozishicha, mazkur qaror Qo‘shma Shtatlarning 250 yilligi bilan izohlanadi.
An’anaga ko‘ra, Amerika pulida moliya vaziri va g‘aznachi imzosi paydo bo‘ladi, endi esa bunga Prezident dastxati qo‘shiladi. Moliya vaziri Skott Bessent ayni mavzuga quyidagicha izoh bergan:
– Prezident Tramp rahbarligida biz misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sish, dollarning izchil hukmronligi, moliyaviy kuch va barqarorlikka intilamiz. Buyuk mamlakatimiz va Prezident Donald Tramp tarixiy yutuqlarini xotirlash uchun uning nomini eslatadigan dollar kupyurasi chiqarishdan ko‘ra mazmunliroq usul yo‘q. Bunday tarixiy valyuta davlatimizning 250 yilligi arafasida chiqarilishi mutlaq ramziy ma’noga ega. Tramp Amerika oltin davri iqtisodiy tiklanishining me’mori. Prezidentning milliy valyutadagi imzosi nafaqat o‘rinli, balki juda loyiq.
G.Sattorova, O‘zA