So‘nggi kunlarda AQSH dollari kursi pasayib boryapti. Bu holat yana davom etadimi degan savollar ko‘pchilikka qiziq ekan. Sarosimaga tushayotgan ba’zi yurtdoshlarimiz dollarini so‘mlashtirishga kirishgan.
O‘zi kurs nega tushyapti, keyingi oylarda kurs bo‘yicha qanday prognoz beriladi? Bu holat aholi va biznes uchun qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Iqtisodchi, Bank-Moliya akademiyasi bo‘lim boshlig‘i Aminjon Mardonov ushbu savollarga javob berdi.
— Haqiqatan ham, hozirgi davrda O‘zbekistonda dollar kursining biroz pastlashi kuzatilmoqda. Bu jarayon bir necha omillar bilan izohlanadi. Avvalo, Markaziy bankning qat’iy pul-kredit siyosati muhim rol o‘ynadi. Ya’ni, milliy valyutani qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirilayotgan intervensiyalar va foiz stavkalarini barqarorlashtirish jarayonlari kursni muvozanatga keltirdi.
Ikkinchi tomondan, mamlakatga xorijiy valyuta oqimining ko‘payishi ham dollar kursi pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, eksport tushumlari, mehnat migrantlarining yuborayotgan pul o‘tkazmalari va xorijiy investitsiyalarning ko‘payishi valyuta bozorida taklifni oshirdi. Natijada talab-taklif nisbatida dollar nisbatan arzonlashdi.
Shuningdek, global bozorlardagi ayrim omillar ham ta’sir qilmoqda. Masalan, AQSH Federal rezerv tizimi foiz stavkalarini sekinlashtirishi, mintaqadagi hamkor davlatlarning valyuta siyosati, neft va gaz narxlarining barqarorlashuvi ham dollarning umumiy global qiymatiga ta’sir o‘tkazmoqda.
Agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, dollar kursining keskin o‘zgarishi kutilmaydi. Ehtimol, qisqa muddatda kurs yana pasayishi yoki barqaror darajada saqlanishi mumkin. Lekin uzoq muddatli prognozlarda tashqi omillar — xususan, jahon moliya bozoridagi tebranishlar, O‘zbekistonning import hajmi ortishi yoki eksport darajasidagi o‘zgarishlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, keyingi 2–3 oyda dollar kursi nisbatan barqaror qolishi, yil oxiriga kelib esa mavsumiy omillar sababli yana o‘zgarishi mumkin.
Dollar kursi pasayishi, bir tomondan, import qiluvchi korxonalar uchun qulay imkoniyat yaratadi, chunki ular mahsulotlarni arzonroq valyutada olib kelishlari mumkin. Ikkinchi tomondan, eksportyorlar uchun tushumning milliy valyutadagi qiymati kamayadi, bu ularni samaradorlikni oshirish va xarajatlarni optimallashtirishga undaydi. Aholi uchun esa milliy valyutaga bo‘lgan ishonch ortadi, bu ichki bozor barqarorligi uchun ijobiy holatdir.
<iframe width="914" height="523" src="https://www.youtube.com/embed/yTZVArRUCx0" title="AQSH dollari kursi pastlashining sabablari tushuntirildi. Keyingi prognoz qanday?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA