Madaniy muloqot yangi bosqichda
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘tgan hafta oxirida nufuzli mehmonlarni qabul qildi. AQSH Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamda Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi delegatsiya markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlar majmuaning o‘ziga xos milliy me’moriy uslubi, zamonaviy bunyodkorlik yechimi hamda muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Qadimiy qo‘lyozmalar, nodir artefaktlar va tarixiy osori-atiqalarni ko‘zdan kechirib, O‘zbekistonning boy madaniy merosini asrab-avaylash va jahonga tanitish borasidagi ishlarga yuqori baho berdilar.

Markazda namoyish etilgan “Sivilizatsiyalar, Shaxslar va Kashfiyotlar” ekspozitsiyasi zamonaviy ilmiy yondashuv va raqamli texnologiya asosida yaratilgan bo‘lib, zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy merosi, jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasidan dalolat beradi.
Shuningdek, mehmonlar inter faol ekran va sun’iy intellekt asosida yaratilgan tarixiy shaxslar ovozli avatar tizimi orqali buyuk allomalar bilan “muloqot qilish” imkoniga ham ega bo‘ldi.

Ikkinchi kun Qo‘shma Shtatlar delegatsiyasi Samarqandga tashrif buyurib, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamrohligida shaharning tarixiy obidalarini ko‘zdan kechirdi.
Uchrashuv davomida asrlar davomida ilm-fan, savdo va innovatsiya chorrahasi bo‘lib kelgan Samarqand bugungi kunda o‘zining munosib o‘rnini qayta tiklayotgani, ushbu an’analar strategik sheriklik doirasida davom etayotgani e’tirof etildi.
Dilshod Hakimov, O‘zA