Shu hafta, ya’ni 23 oktyabr holatiga ko‘ra, AQSH davlat qarzi yana bir tarixiy belgidan o‘tib, birinchi marta 38 trillion dollardan oshdi. Bu haqda "FOX Business" xabar bergan.
Yalpi davlat qarzi ikki oy oldin, avgust oyi o‘rtalarida 37 trillion dollarga yetgan, bundan bir yildan kamroq vaqt muqaddam, 2024 yil dekabrida 36 trillion dollarlik chegaradan o‘tgan edi.
Ayni holat so‘nggi o‘n yil ichida aholi tez qarishi, ijtimoiy ta’minot va tibbiy yordam dasturlari ro‘yxati kengayishi tufayli yuz bergani aytilgan.
Qarz o‘sishining yana bir muhim omili inflyatsiyani jilovlash uchun joriy etilgan yuqori foiz stavkalaridir. Shuningdek, federal qarzga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq foiz oshishi ham vaziyatni qiyinlashtirgan. Ekspertlar fikricha, ayni xarajat oxirgi o‘n yillikda Qo‘shma Shtatlarga taxminan 4 trillion dollarga tushgan, Keyingi 10 yil ichida ushbu ko‘rsatkich taxminan 14 trillion dollarga ko‘tarilishi taxmin qilinyapti.
30 sentyabrda yakunlangan eng so‘nggi moliya yilida federal hukumat qariyb 1,8 trillion dollarlik byudjet taqchilligiga duch keldi. Ijtimoiy dasturlar va qarz bo‘yicha foiz to‘lov bashorati oshishi kelgusi yillarda yanada salmoqli kamomadga olib kelishi kutilyapti.
Yillik byudjet taqchilligi 2035 yil qariyb 2,6 trillion dollargacha yetishi, keyingi o‘n yillikdagi umumiy kamomad tufayli davlat qarziga 22,7 trillion dollar qo‘shilishi faraz qilingan.
Avvalroq amerikaliklarning qarzi rekord darajaga chiqqani aytilgan edi.