AQSH, Daniya va Grenlandiya Arktika hamda Shimoliy Atlantika xavfsizligi bo‘yicha kelishuvga erishdi
Daniya, Grenlandiya va Qo‘shma Shtatlar Arktika hamda Shimoliy Atlantikada xavfsizlikni mustahkamlovchi kelishuvga erishini rejalashtirgan. Hujjat kelgusi hafta BMT Bosh Assambleyasi doirasida imzolanishi kutilyapti.
Daniya hukumati veb-saytida tarqatilgan xabarda ta’kidlanishicha, ushbu bitim imzolangach, muayyan kelishuv kuchga kiradi. Binobarin, tashabbus avval parlament tasdig‘idan o‘tishi kerak.
– Grenlandiya, Daniya Qirolligi, Qo‘shma Shtatlar va G‘arb ittifoqi xavfsizligini ta’minlaydigan va yanada mustahkamlaydigan kelishuvga yaqinlashayotganimizdan mamnunmiz, – dedi ulkan orol-davlat hukumati rahbari Yens-Frederik Nilsen. – Kelishuv Grenlandiya manfaati va xalqaro hamkorlikdagi o‘rnimizni ifodalaydi. Bu g‘oya barchamiz uchun foydali.
Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen ham bitim istiqboliga ishonch bildirib, kelishuv Arktika va Shimoliy Atlantika mintaqasida umumiy xavfsizlikni mustahkamlashi, NATO va Yevropa uchun ham naf keltirishini ta’kidladi.

– Shu tariqa Qirollik suvereniteti va hududiy yaxlitligi, Grenlandiya xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi tan olinadi, – deya xulosa qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, kecha kechqurun AQSH Prezidenti Donald Tramp Daniya va Grenlandiya orol-mamlakat xavfsizligi ustidan nazoratni Vashingtonga berish to‘g‘risida kelishuvga erishganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv doimiy maqomga ega.
Ayrim ommaviy axborot vositalari hali imzolanmay turib, hujjat mazmunidan xabardorligini ma’lum qila boshladi.
Ta’kidlanishicha, AQSH – Daniya – Grenlandiya kelishuvi bilan tanish bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar va Qirollik rasmiylari belgilangan shartlarni yuqori baholagan. Qolaversa, muzokara jarayoni bilan tanish yuqori lavozimli amaldorlar asosiy qoidani ham oshkor qilishgan.
Masalan, Vashingtonga orolda harbiy baza yaratish, kirish va parvoz qilish uchun doimiy huquq berish bandi bor. NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlar harbiy bazasini joylashtirish esa taqiqlangan.

Tomonlar Xitoy va Rossiyadan nozik investitsiya kirishini cheklash uchun sarmoyani tekshirish mexanizmi yaratishga ham kelishgan.
Yana bir bandda orol xalqining o‘z siyosiy kelajagini mustaqil ravishda belgilash huquqi saqlab qolinishi belgilangan.
Hujjatda Grenlandiyaning biror hududi Qo‘shma Shtatlarga o‘tkazilishi bo‘yicha hech qanday qoida yo‘q.
S.Rahimov, O‘zA