AQSH bir oyda 7 ta samolyotidan ayrildimi?
Eronga qarshi amaliyotning bir oyi davomida AQSH yetti harbiy samolyotidan ayrildi. Texnik nosozlik va to‘qnashuv tufayli yoki jangovar harakat chog‘ida yuz bergan bu yo‘qotish harbiy kampaniya og‘ir kechayotganini ko‘rsatmoqda.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi olib borayotgan harbiy amaliyoti boshlanganiga bir oydan oshdi. Shu vaqt mobaynida Qo‘shma Shtatlar kamida yettita harbiy samolyotidan ayrilgani aytilmoqda.
Dastlabki hodisa 2-mart kuni Kuvayt osmonida sodir bo‘lgan. Anglashilmovchilik tufayli mahalliy havo hujumidan mudofaa tizimi AQSHning uchta “F-15” qiruvchisini nishonga olgan. Vaziyatni vaqtida to‘g‘ri baholagan 6 nafar uchuvchi yerga sakrab, omon qolgan va keyinchalik yana xizmatga qaytgan.
12-mart kuni esa “KC-135” yonilg‘i quyish samolyoti havoda boshqa uchoq bilan to‘qnashib, halokatga uchragan. Fojia oqibatida ekipajning barcha olti a’zosi halok bo‘lgan.
Mart oyi oxiriga kelib vaziyat yanada keskinlashgach, 27-mart kuni Saudiya Arabistonidagi “Shahzoda Sulton” aviatsiya bazasiga berilgan zarba natijasida Amerikaning strategik ahamiyatga ega “E-3 Sentry” samolyoti yerda yo‘q qilindi. Shuningdek, yana bir yonilg‘i quyish samolyoti jiddiy shikastlandi, o‘n nafar harbiy jarohat oldi. Ayni payt zamonaviy “F-35” qiruvchi uchog‘i ham hujumga uchrab, shikastlangan holda bazasiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan.
So‘nggi to‘qnashuvlarda “F-15” va “A-10 Warthog” samolyotlari ishtirok etgan: biri urib tushirilgan, ikkinchisi Kuvaytga yetib borgan. Jarayonda AQSH harbiy-havo kuchlari polkovnigi bedarak yo‘qolgan, deb hisoblangan edi. Keyinchalik u jarohatlangan holda tog‘li hududda yashirinib, sheriklariga xabar yetkazgani, so‘ngra maxsus qutqaruv amaliyoti orqali xavfsiz hududga olib chiqilgani ma’lum bo‘ldi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA