Keyingi yillarda bevosita davlat rahbarining tashabbusi bilan maktabgacha yoshdagi bolajonlarni bog‘cha ta’limiga qamrovini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bog‘cha yo‘q olis hududlarga borib, bolalarga bepul ta’lim-tarbiya berishga mo‘ljallangan “Aqlvoy” avtobuslarining tashkil etilgani ham mana shu yo‘lda amalga oshirilgan ezgu islohotlardan biri sanaladi.
Ushbu avtobuslar maktabgacha ta’limning alternativ turi bo‘lib, bolalarni bog‘chaga qamrab olishga o‘z hissasini qo‘shadi va ularni maktabga tayyorlaydigan mobil guruh hisoblanadi.
Xususan, kuni kecha Qashqadaryo viloyatiga ham yana 6 ta “Aqlvoy” mobil avtobuslari yetib keldi.


Quyosh panellari bilan jihozlangan mobil avtobuslar G‘uzor tumanidagi 13-, Kasbi tumani 16-, Kitob tumanidagi 23-, Shahrisabz tumanidagi 31-, Ko‘kdala tumanidagi 3-, Chiroqchi tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tarqatildi. Mazkur avtobuslar orqali olis hududlardagi 360 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olinishi mo‘ljallanmoqda.
Avvalroq, xuddi shu kabi 10 ta avtobus olib kelinib, viloyatdagi Ko‘kdala, Muborak, Yakkabog‘, Qamashi, Kasbi, Shahrisabz, Kitob va Dehqonobod tumanlariga berilgan edi.


Shu bilan viloyatdagi “Aqlvoy” mobil avtobuslari soni 16 taga yetdi va bu orqali jami 746 nafar 3-7 yoshli tarbiyalanuvchilar qamrab olinishiga erishiladi.
Masalan, ayni paytda Ko‘kdala tumaniga ajratilgan 2 ta “Aqlvoy” mobil avtobuslari tumandagi 2- va 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Ertalab va tushdan keyin 2 smenada ta’lim jarayoni olib borilmoqda. 2-sonli DMTTga qarashli “Naymonsaroy” MFYdagi 2 ta mobil guruhda 32 nafar bola, “Sho‘rquduq” MFYdagi 1 ta mobil guruhda 16 nafar bola jami 48 nafar bola qamrab olingan bo‘lsa, 15-DMTTga qarashli “Taloqtepa” MFYdagi 2 ta mobil guruhda 32 nafar bola ta’lim tarbiya olmoqda.


Tantanali marosimda viloyat rahbari M.Azimov ham ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri