Aqlni charxlash mashqi
Nukusda “Kamolot” shaxmat taxtasi” turnirining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi yakunlandi.
Nukusda “Kamolot” shaxmat taxtasi” turnirining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi yakunlandi.Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, mahallalarda sport musobaqalarini yo‘lga qo‘yish, ularga yoshlarni keng jalb etish hamda sportning shaxmat turini rivojlantirish, iste’dodli shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan turnirda shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 148 nafar havaskor shaxmatchi ishtirok etdi.
Musobaqa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
– Bu yil turnirning dastlabki bosqichida 15 ming 682 nafar yosh, jumladan, 7 mingga yaqin qiz ishtirok etgan bo‘lsa, ular orasidan kuchli deb topilgan 1 ming 724 nafar yosh shaxmatchi shahar va tuman bosqichida o‘zaro bahslashdi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi bo‘lim mudiri M.Aljanov. – 6 yoshdan 19 yoshgacha besh guruhga bo‘linib, dona surgan yosh shaxmatchilar orasidan eng kuchlilar g‘olib bo‘ldi.
Turnirning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Nukus shahridan Davlat Nuratdinov va Aydos Boymuratov, xo‘jaylilik Saparbek Yerg‘aliyev va Rahmatulla Tohirov, amudaryolik Azimjon Rahimov o‘z yosh toifalarida birinchi o‘rinni egalladi.
Qizlar o‘rtasida nukuslik Oyjamol Nurxo‘jayeva, xo‘jaylilik Asalxon Mamajonova va Ozoda O‘razimbetova, qorao‘zaklik Sadoqat Rahimova, amudaryolik Kamola Qadamboyeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar “Kamolot” shaxmat taxtasi” turnirining mamlakat bosqichida ishtirok etadi.