“Aqlli tartibga solish” modeli qo‘llaniladi
Keyingi yillarda barcha sohada izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar qonun ijodkorligi sohasini ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.
Keyingi yillarda barcha sohada izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar qonun ijodkorligi sohasini ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.
2018 yil 8 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonda o‘tgan yillarda tarkib topgan qator ijobiy an’analar qatorida O‘zbekiston qonunchiligi sohasi bazasida bir qancha kamchilik va muammolar to‘planib qolgani ham ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, qonun hujjatlarida tizimlilik juda zaif bo‘lib, ularning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda tarqoqligi ta’kidlangan. Bu esa, ularning bir-biri bilan bog‘liqligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning oqibatida huquqiy kolliziyalar, ya’ni bir xil munosabatni bir necha huquqiy normalar bilan tartibga solish holati hamda ular o‘rtasida ziddiyatni vujudga keltiradi. Turlicha ma’no beradigan va talqin etiladigan huquqiy normalarning ko‘payishi, qonun hujjatlarining mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga ta’sirini baholash mexanizmining yo‘qligi, umumiy tusdagi qonunlarning hamda qonunosti hujjatlarining ko‘payib ketayotgani hamda shu kabi boshqa masalalar norma ijodkorligi faoliyatida qator muammolar mavjudligidan dalolat berar edi.
Huquq ijodkorligidagi yuqorida tilga olingan muammo va nuqsonlar qonunchilikdagi shunchaki oddiy masalalar emas. Ularning mavjudligi davlat va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga doir vazifalarga erishishga to‘sqinlik qiladi. Shu jihatdan ular keng ko‘lamli islohotlar talablariga mutlaqo zid hisoblanadi.
Hozirgi kunda ushbu muammolarni hal etishda davlat rahbarining yuqorida tilga olingan Farmoni hamda u bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi katta ahamiyat kasb etmoqda.
Farmonda va Konsepsiyada belgilangan tadbirlarni amaliyotga to‘liq tatbiq etish bir qancha ijobiy natijalarni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Birinchidan, qonunchilik bazasi tizimlashtiriladi. Bu barqarorlikni ta’minlab, ularning amal qilish samaradorligini oshiradi. Ikkinchidan, huquq ijodkorligi jarayonlari sifati oshadi, ularning ijrosi ustidan jamoat nazorati, shuningdek, monitoringini amalga oshirish kuchayadi. Uchinchidan, norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishning yangi shakllari tatbiq etiladi. To‘rtinchidan, norma ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlari qo‘llaniladi. Beshinchidan, norma ijodkorligi faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtiriladi. Zero, bunday natijalarga erishish Farmonda belgilangan norma ijodkorligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Prezidentimizning mazkur farmoniga ko‘ra, unda belgilangan vazifalarni ta’minlash uchun ko‘plab tadbirlar belgilangan, qator davlat organlari zimmasiga muayyan majburiyatlar yuklangan.
Hozirgi paytda Oliy Majlis palatalarining sa’y-harakatlari bilan farmonda belgilangan birinchi vazifa – Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, ularga ilova qilinayotgan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona Uslubiyoti qabul qilingan bo‘lib, u amalda o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, vazirlik yoki respublika idoralari tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihalari hamda ular qabul qilayotgan qaror va buyruqlar tahlil qilinganda mazkur uslubiyot ijobiy samara berayotgani ma’lum bo‘ldi. Uslubiyot talablari asosida yaratilgan huquq ijodkorligi muhiti va undagi qulayliklar tufayli idoraviy normativ huquqiy hujjatlar sifati ham yaxshilanmoqda.
Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 2019 yil 26-martdagi qo‘shma qarori bilan Prezident Farmoni yuzasidan “To‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarda tizimlashtirilishi va unifikatsiya qilinishi lozim bo‘lgan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Unga binoan, 2019 va 2021 yillarda 61 ta qonunni tizimlashtirgan holda qayta qabul qilish rejasi belgilangan.
Zikr etilayotgan farmondagi vazifalarni ta’minlashda Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan va Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham muhim rol o‘ynaydi. Ushbu Qonunning yangi tahririni qabul qilish orqali Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasidagi tadbirlarning bir qanchasi hal etilishi kutilmoqda.
Mazkur rejaga ko‘ra, Oliy Majlis palatalari zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan. Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish asosi va tartibga solish predmetini farqlab qo‘yish, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish tartibi va amal qilish tartibiga tasniflash, qonun ijodkorligi jarayonlariga fuqarolar va fuqarolik instituti vakillarini jalb etish orqali jamoatchilik muhokamalari ta’sirini kuchaytirish shular jumlasidandir. Shuningdek, “aqlli tartibga solish” modelini qo‘llash, ya’ni amaldagi norma ijro etilishida fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari va umuman, jamiyat tomonidan sarflanadigan sarf-xarajatlarni qisqartirish uchun uni bekor qilish hamda o‘rniga nisbatan kam xarajatli normani qabul qilish ham muhim vazifalardan sanaladi. Bundan tashqari, qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, ularni qo‘llash monitoringi davomida ularni baholash tizimini joriy etish, qonun loyihalarining parlamentdagi muhokamalari jarayonining shaffofligi hamda hisobdorligini ta’minlash ham belgilangan.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, hozirgi paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Farmonini bajarish bo‘yicha tuzilgan maxsus Komissiya tomonidan unda belgilangan barcha tadbirlarning ijrosi qatiy nazorat qilinmoqda. Farmon ijrosini ta’minlash ishlari Komissiyaning muntazam o‘tkazib kelinayotgan majlislarida uning a’zolari, davlat organlarining mas’ul xodimlari, deputatlar, olimlar, mutaxassislar hamda jamoatchilik ishtirokida manfaatdorlik ruhida muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda. Natijada huquq ijodkorligi jarayonlarining sifati oshmoqda, demokratik tamoyillarga mosligi, shaffof va samaradorligi yangi darajaga ko‘tarilmoqda. Bu esa, davlatimiz rahbari tomonidan konsepsiyada ilgari surilgan ilg‘or g‘oyalar komissiya tomonidan izchil hayotga tatbiq etilayotganining amaliy ifodasidir.
Yo‘ldosh JO‘RAEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Devoni mas’ul xodimi