Aprel oyida oltin-valyuta zaxiralari 1,9 milliard dollarga ko‘paydi
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari aprel oyida sezilarli darajada oshib, mamlakat moliyaviy barqarorligi mustahkamlanayotganini yana bir bor namoyon qildi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida kuzatilgan qisqarishdan so‘ng aprel yakunida oltin-valyuta zaxiralari qariyb 1,9 milliard dollarga ko‘payib, jami 70 milliard 891,9 million dollarni tashkil etgan.
Ekspertlar fikricha, zaxiralar o‘sishining asosiy omili jahon bozorida oltin narxining yuqorilashi bilan bog‘liq. Aprel oyi davomida bir troy unsiya oltin narxi 4553,95 dollardan 4625,80 dollargacha oshgan. Natijada mamlakat zaxiralaridagi oltin aktivlari qiymati yanada ko‘paygan.
Shu bilan birga, zaxiralar tarkibidagi oltinning fizik hajmi 40 ming troy unsiyaga qisqarib, 13,32 million troy unsiyani tashkil etgan. Biroq narxlarning o‘sishi hisobidan oltin zaxiralarining qiymati 743 million dollarga ortib, 61,6 milliard dollarga yetgan.

Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari hajmi ham ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Xususan, aprel oyida valyuta aktivlari 1,151 milliard dollarga ko‘paygani qayd etildi.
Iqtisodchilar ta’kidlashicha, xalqaro zaxiralar hajmining yuqori darajada saqlanishi milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash, tashqi iqtisodiy xavflarga qarshi moliyaviy “xavfsizlik yostig‘i”ni mustahkamlash hamda investorlar ishonchini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA