“Apiteks” mahsulotlari import o‘rnini bosmoqda
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hamda tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning eng muhim manbaidir.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hamda tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning eng muhim manbaidir. Mamlakatimizda bu borada to‘plangan tajriba iqtisodiyotning tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish, ichki ehtiyojni shakllantirish va bozorlarimizni zarur iste’mol tovarlari va boshqa mahsulotlar bilan to‘ldirishga yo‘l ochayotir. Tashkil etilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi aholi bandligini ta’minlash, valyuta resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishda muhim rol o‘ynamoqda.Sanoat ishlab chiqarishida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmi jadal o‘sib borayotgani buning tasdig‘idir. 2005-yilda mahalliylashtirilgan mahsulotlar 9,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 20 foizga yetdi. Bunga mamlakatimizda keyingi o‘n yil davomida Prezidentimiz qarori bilan har yili mahalliylashtirish dasturi qabul qilinib, uning hayotga izchil tatbiq etilayotgani tufayli erishilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 11-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan mahalliylashtirish dasturida o‘zlashtirilishi va ishlab chiqarilishi zarur bo‘lgan mahsulotlar ko‘rsatilgan.
Ayni paytda mazkur dastur ijrosi izchil ta’minlanmoqda. Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan, “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimiga kiruvchi “Apiteks” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu borada samarali faoliyat yuritayotir.
– Korxonamiz o‘z faoliyatini 2004-yilda boshlaganda dastavval tayyor xomashyodan qo‘lqoplar ishlab chiqarilgan, – deydi korxona bosh direktori o‘rinbosari Adham Ziyoyev. – Mahsulot sotilishidan tushayotgan mablag‘ salmoqli bo‘lsa-da, biz talabni o‘rganib, ichki bozorda taqchil bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni maqsad qildik. Shu tariqa ilk bor filtrlovchi matolar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Tez orada yirik kon-metallurgiya kombinatlari, yog‘-moy ishlab chiqaruvchi ko‘plab korxonalar doimiy mijozimizga aylandi.
Korxonaning 2006-yilda mahalliylashtirish dasturiga kiritilgani ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan texnik to‘qimachilik matolari ishlab chiqarishiga turtki bo‘ldi. Buning uchun Polsha, Tayvan, Rossiya davlatlaridan murakkab to‘qish dastgohlari keltirildi. Dastlab korxona polipropilen ipdan to‘qilgan filtrlovchi texnik matolarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan bo‘lsa, keyingi yillarda qabul qilingan mahalliylashtirish dasturlariga asosan turli suyuqliklar, kislotalar, suspenziyalar va eritmalarni filtrlash uchun paxta kalavasi va sun’iy (sintetik) iplardan yigirma xildan ortiq filtrlovchi matolar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yildan-yilga import o‘rnini bosuvchi, sanoatbop mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami kengayib borayotir.
Keyinchalik texnik lentalar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi hamda shisha ipdan ham lentalar tayyorlandi.Bular elektr transformatorlarning ustki qatlamini o‘rash, kabellarda izolatsiya sifatida ishlatiladi. Korxona o‘tgan yili yuqori issiqlikka chidamli metaaramid texnik matolarni o‘zlashtirdi.
Shu o‘rinda yuqori darajadagi issiqlikka chidamli matolar xususiyatiga to‘xtalib o‘tsak. Bu mato asosan metallurgiya sanoati uchun zarur bo‘lib, undan ishchilarga maxsus kiyim-bosh tikiladi. Boisi metall eritish jarayonida issiqlik 500 daraja va undan ziyodni tashkil etadi. Maxsus kiyim metallurgning xavfsizligini ta’minlaydi. Bu mato ilgari faqat xorijdan olib kelingan bo‘lsa, ayni paytda “Apiteks” bu borada ichki bozordagi ehtiyojni to‘liq qondirmoqda.
Bunday noyob mahsulotlar ishlab chiqarish korxona aylanma mablag‘larining yil sayin o‘sib borishiga yo‘l ochdi. Korxona o‘z faoliyatini boshlaganda uning nizom jamg‘armasi 30 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa,hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 1 milliard 750 million so‘mdan oshdi.
Joriy yilgi mahalliylashtirish dasturiga muvofiq korxona mutaxassislari yanada noyob bo‘lgan, shu paytgacha yurtimizda ishlab chiqarilmagan mahsulotlar ustida ish olib bormoqda. Qo‘yilgan maqsadga erishish uchun jami 6 milliard 400 million so‘mlik investitsiya kiritilishi mo‘ljallangan loyiha tayyorlandi. Buning uchun korxona o‘z mablag‘idan tashqari «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy ko‘magiga tayanmoqda.
Davlatimiz yaratib bergan iqtisodiy preferensiyalardan foydalanib eng zamonaviy to‘qimachilik uskunalari Shveytsariya, Belgiya, Germaniyadan olib kelindi. Bular hali mahalliylashtirilmagan turli yangi matolarni o‘zlashtirishga yo‘l ochmoqda.
Ekologik muhitni saqlash va uni muhofaza qilish maqsadida zararli gazlar chiqishining oldini olish uchun korxona yangi noto‘qima materiallaridan foydalanib, yengsimon filtrlovchi qoplamalarni tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqchi.
Ayni paytda korxonada sanoat sohasi ishchi-xodimlari uchun ularning ish jarayoniga moslashtirilgan, ya’ni zararli tashqi muhitdan saqlovchi maxsus kiyimlar tikishga mo‘ljallangan matolar ishlab chiqarish ham o‘zlashtirilgan.
Bunday mahsulotlarning tez orada ishlab chiqarila boshlashi korxona faoliyatining yanada kengayishi, yuz kishidan ziyod ishchilar soni ortishiga, ichki bozorda yangi mahsulotlar paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.