Anvar Ikromov bilan Axsikentga sayohat
Uzoq yillar davomida Sirdaryo bo‘ylaridagi Axsikent va Yangi Axsi e’tibordan chetda qoldi. Balki buning zamon, davr taqozosi bilan bog‘liq sabablari bordir. Garchi professor Abduhamid Anorboyev boshchiligidagi ekspeditsiya, bir necha mamlakat qadimshunos va arxeologlari qazishma ishlarini olib borgan bo‘lsalarda, ularning ko‘lami tor edi. Nihoyat, 2019 yilda O‘zbekiston Prezidenti bu zaminga keldi-yu qadim Axsikentning yangi tarixi boshlandi.
Xo‘sh, Axsikent va Axsi o‘z qa’rida qanday tilsimotlarni saqlab qolyapti. Uning yangi tarixi qanday qiyofada bo‘ladi. Sizni Axsikent arxeologiya me’rosi ob’ektini muhofazi qilish va tadqiq etish direksiyasi direktori Anvar Ikromov bilan bu qadim shahar tarixiga safarga taklif etamiz.
–Ming yillar avval IX-X asrlarda Axsikent 400 gektardan iborat bo‘lgan. O‘z davrining megapolisi bo‘lgan. Bu yerda yasalgan Damashq qilichlari xalifalik markazi Damashqda sotilgan. Mana shu yerda temirchilar mahallasi bor ekan. 2007 yilda Britaniyalik olimlar katta ilmiy izlanishlar olib borishdi. Natijada Damashq qilichlari vatani Axsi ekanini ilmiy isbotlashdi...

Oxirgi uch oy ichida bu yerga yuzdan ortiq xorijiy mehmonlar kelishdi. Ularning hammasi arxeolog, manbashunos, qadimshunoslar edi. Yaponiyalik olimning ta’kidlashicha, Mo‘g‘ulistonda qazishmalar chog‘ida Axsikentga oid manbalar topilgan.
Axsikent tepaligi – chin ma’nodagi tarixiy manbalar xazinasidir. Hozirgacha bu yerdagi 24 ta manzilda olimlar qazish ishlarini olib bordilar. Tadqiqot natijalari ilmiy tahlil qilindi. Endi ular keng jamoatchilik, sayyohlarga taqdim etilishi lozim.

Bu yil 9 ta ochiq osmon ostidagi muzeyni tashkil etishimiz kerak. Turistik shaharchada savdo rastalari, hunarmandlik markazi, Axsi kulolchiligi, Axsi temirchiligi, matogirlik san’ati qayta jonlantiriladi. Muzeylar va mehmonxonalar tizimi barpo etiladi. Sirdaryoning bo‘yida ekoturizm bilan bog‘liq loyihalar bo‘ladi.
Hozirgi Axsikent tepaligida dastlabki ochiq osmon ostidagi muzey eshiklari ochildi. U qazishma olib borilgan maskanni o‘z ichiga oladi. Bu yerda 7 ta tarixiy davr qatlamlari mavjud. Ular orasida noyob topilmalar bor. Masalan, Sirdaryodan yuqorida joylashgan 400 gektarli qal’a ichidagi shahar aholisi ming yil avval ichimlik suvi bilan qanday ta’minlangan, degan savolingizga ham javob topasiz.

400 gektar maydondagi shaharga 16 kilometrdan sopol quvurlarda toza ichimlik suvi olib kelingan. Ma’lum masofada muhandislik qurilmalari mavjud. Har bir xonadonga sopol quvurlar orqali toza ichimlik suvi chiqqan. Ming yil avval aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishi shahar naqadar rivojlanganini ko‘rsatadi.
Qazishma ishlari hozir ham qarichma-qarich davom etyapti. 2022 yil oxirida yana bir noyob topilmaga duch keldilar. Bu yerdan juda noyob devoriy suratlar chiqdi. Umuman Farg‘ona vodiysidan bunga qadar devoriy surat topilmagan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti arxeologlari Axsikent va Yangi Axsida qazishma ishlarini davom ettirishadi.

Axsikent va Yangi Axsi o‘rtasidagi masofa daryo yoqalab besh chaqirimni tashkil etadi. Har ikki majmua ham aslida uzviy bir manzildir.
Axsikent o‘sha XIII asrlar boshida mo‘g‘ullar tomonidan vayron etilgan bo‘lsa, temuriyzodalar, Umarshayxmirzo davrida yangi shahar aynan mana shu Axsi hududida barpo etilgan. Hozir bu yer ziyorat turizmi markaziga aylangan. Huranmandchilik markazi, kutubxona, ilmiy markaz, muzey barpo etilgan. Bu yerda Umarshayxmirzo davriga oid minora, hammom qoldiqlari, 1620 yildagi dahshatli zilziladan so‘ng qolgan binolar poydevorlari topilgan. Rossiya o‘lkashunos, zilzilashunos olimlari kelib o‘rganishlari natijasida o‘shanda 9 balldan yuqori zilzila ro‘y berganini ilmiy tasdiqlashdi.
Yangi Axsi hududida hozircha mo‘jazgina muzey tashkil etilgan. Undagi asori-atiqalarning o‘zi ham Axsikent, Axsi zamini naqadar boy tarixga ega ekanini ko‘rsatib turibdi.
Axsi asori-atiqalar muzeyida 2 mingdan ortiq eksponatlar mavjud. Eramizdan avvalgi birinchi asrdan to yigirmanchi asrgacha bo‘lgan davr namunalari bor. Eksponatlar orasida Damashq qilichlari, xanjarlar, Qoraxoniy, Saljuqiylar davri va boshqa xonliklarga oid tangalarni ko‘rish mumkin. Kulolchilik namunalari orasida I-II asrga oid xumdonlarni uchratasiz. Qazish chog‘ida yuzdan ortiq bus-butun buyumlar, temuriylar davriga oid idish-tovoqlar topildi. Bundan tashqari, kandakorlik namunalari ham chiqdi. 300-400 yil avvalgi kiyim-kechaklar, hunarmandchilik ashyolari bu yer tarixni o‘rganish, tadqiqot olib borish uchun muhim manzil ekanini ko‘rsatadi.
Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra Axsikent sayyohlik salohiyatini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Bunga daxldor bir necha vazirliklar bilan hamkorlik o‘rnatildi.
–Birinchi navbatda sayyohlarga sharoit yaratish, ma’lumotlar byurosini tashkil etish, yengil loyihali binolar, yo‘laklar qilinadi. Elektron qurilmalar joylashtiriladi. Bundan tashqari tepalikni uch o‘lchamdagi ko‘zoynaklar orqali virtual reallik holatida qadimiy Axsikentni ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Yaqin kunlar, oylar ichida Axsikent va Yangi Axsi yodgorliklari O‘zbekiston turizm xaritasidagi eng gavjum manzillardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/P3GsLO6CQrA" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video)
O‘zA