Antaliyadan Samarqand sari: O‘zbekiston jahon kosmik muloqoti maydonida
Kosmos sohasi bugun faqat ilm-fan doirasi bilan cheklanib qolmay, davlatlarning texnologik, iqtisodiy va diplomatik salohiyati namoyon bo‘ladigan strategik yo‘nalishga aylanmoqda. Shu kunlarda Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) bu jarayonning bugungi ko‘lamini yaqqol namoyon etmoqda.
Xalqaro Astronavtika federatsiyasi (IAF) tomonidan tashkil etilgan forumga Turkiya ilk bor mezbonlik qilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kongress 108 mamlakatdan minglab olimlar, muhandislar, kosmik agentliklar, davlat idoralari va xususiy kompaniyalar vakillarini bir maydonga jamlamoqda.

“Dunyoga ko‘proq kosmos kerak” shiori ostida o‘tayotgan konferensiyada sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, Yerni masofadan kuzatish, kosmik barqarorlik, ilmiy tadqiqotlar, yangi avlod kosmik tizimlari, xususiy sektor ishtiroki hamda kosmos faoliyatini xalqaro tartibga solish masalalari asosiy mavzulardan o‘rin olgan.
Kongress doirasidagi muhim voqealardan biri kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanishga qaratilgan Antaliya deklaratsiyasining qabul qilinishi bo‘ldi.
Mazkur yig‘in O‘zbekiston uchun ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Kongressda mamlakatimiz Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda. O‘lkamiz vakillari xalqaro kosmik hamjamiyat bilan aloqalarni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha muloqotlar olib bormoqda.

E’tiborlisi, 6-oktabr kuni kongress doirasida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkiya vakillari TDT doirasida kosmik sanoat hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha dastlabki shartnomani imzoladi. Hujjat sun’iy yo‘ldoshlar yaratish, kosmik texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar, sanoat kooperatsiyasi va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar uchun institutsional asos yaratishi ko‘zda tutilgan.
Bu jarayon diyorimiz uchun yana bir muhim voqea – IAC 2028 bilan bevosita bog‘liq. Xalqaro astronavtika federatsiyasi qaroriga ko‘ra, 79-Xalqaro astronavtika kongressi 2028-yil 9–13-oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladi. Bu Markaziy Osiyoda IACga mezbonlik qilish bo‘yicha tarixiy voqea bo‘ladi.
Shu ma’noda, Antaliyadagi kongress O‘zbekiston uchun nafaqat jahon kosmik sanoatidagi so‘nggi tendensiyalarni o‘rganish, balki ikki yildan keyin Samarqandda o‘tadigan nufuzli anjumanga tayyorgarlik tajribasini boyitish uchun ham muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
Nodira Kayimova, O‘zA
Turkiya