Anqarada adabiyot bayrami o‘tkazildi
Shu yilning 6-8 noyabr kunlari Turkiya poytaxti – Anqara shahrida Turkiy dunyo adiblarining 5-anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, tadbirga ishtirok etish uchun turkiy tilda ijod qilayotgan 100 nafar shoir, yozuvchi, adabiyotshunos taklif etilgan. Ushbu ijodiy-amaliy qurultoy Adabiyot va san’at asarlari mualliflari uyushmasi – ILESAM tomonidan amalga oshirildi.

Shu o‘rinda ILESAM haqida ikki og‘iz ma’lumot berib o‘tsak. Ushbu tashkilot Turkiya Vazirlar Kengashi tomonidan tashkil etilgan. U adabiyot, san’at sohasida faoliyat yuritayotgan yozuvchi, shoir va olimlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish hamda targ‘iboti bilan shug‘ullanadi. Uyushma Madaniyat va turizm vazirligi bilan hamkorlikda ishlaydi. Uning 3500 dan ortiq a’zosi bor.
ILESAM Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi homiyligida tayyorlagan Turkiy dunyo adiblarining 5-anjumani loyihasida Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anar, Qozog‘iston xalq shoiri Ulug‘bek Esdavlat, Qirg‘iz xalq shoiri Xo‘jageldi Kultegin, turkiyalik yozuvchi Yoqub Umar o‘g‘li, makedoniyalik shoira Leyla Sharif, eronlik shoira va tarjimon Rukai Kabir kabi taniqli ijodkorlar ishtirok etdi. Mazkur anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid ham qatnashdi.

Anqara Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan ijodiy-amaliy anjuman ishtirokchilari besh guruhga bo‘linib, besh xil mavzuda ish olib bordi. Turkiy dunyo adiblarining 5-anjumani taassurotlarga boy bo‘ldi. 5-anjuman taklifi bilan navbatdagi tadbir ikki yildan so‘ng O‘zbekistonda – Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

N.Usmonova, O‘zA