Yangi yil bayrami munosabati bilan ANORBANK o‘zining ezgu an’anasini davom ettirgan holda bolalarga quvonch ulashmoqda. Bank tomonidan mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda oilaviy bolalar uylari farzandlari uchun xayriya tadbiri tashkil etildi.
ANORBANK O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi 30- va 22-son Mehribonlik uylari, Sirdaryo viloyatidagi Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda "SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari" uyushmasi tarbiyalanuvchilari uchun bayramona shou-dasturni tashkil etdi. Tadbir Renessanse Hall studiyasida o‘tkazilib, u yerning har bir burchagida bayramona muhit va mo‘’jizalarga ishonch kayfiyati hukm surdi. Studiya yorqin chiroqlar, yangi yil bezaklari va, albatta, katta bayram archasi bilan bezatilgandi.
Dasturning asosiy qismida "Sehrli sandiqcha" spektakli namoyish etildi. Ushbu qiziqarli sahna asari 800 nafar yosh tomoshabinni sarguzashtlar va mo‘’jizalar olamiga olib kirdi va ularda katta zavq uyg‘otib, yorqin taassurotlar qoldirdi. Iste’dodli ijrochilar bolalarga ezgulik va yaxshilikka yetaklaydigan haqiqiy ertak taqdim etishdi.
Spektakldan tashqari, ANORBANK bolajonlarni yana ko‘plab ajoyib dasturlar bilan xursand qildi. Qiziqarli lazer shousi, shuningdek, sevimli ijrochilar va ertak qahramonlari ishtirokidagi konsert dasturi jajji mehmonlarning kayfiyatini yanada chog‘ qildi. Qorbobo bilan uchrashuv esa, bolalar uchun eng esda qolarli on bo‘ldi. Qorbobo kichkintoylarni Yangi yil bilan tabriklab, ularga sovg‘alar topshirdi. Bolajonlarning yorqin tabassumi va quvonchdan chaqnagan ko‘zlari bayram ajoyib tarzda o‘tganining so‘zsiz isboti bo‘ldi.
—Ushbu an’anamizni davom ettirish, bolajonlarda mo‘’jiza va ertaklarga ishonch uyg‘otish biz uchun juda muhim. Umid qilamizki, bunday tadbirlar bolalarga o‘zlarini sevimli va baxtli his qilishlariga yordam beradi. Bayramlar odamlarni birlashtirib, jamiyatda mehr-oqibat, muruvvat, bolalarga muhabbat kabi muhim qadriyatlarni eslatayotganiga guvoh bo‘lish ayniqsa qadrli. Maqsadimiz yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash va ilhomlantirish. Biz buni korporativ ijtimoiy mas’uliyatimizning bir qismiga aylantira olganimizdan faxrlanamiz, — dedi ANORBANK PR-menejeri Firuza Gafurova.
ANORBANK o‘zining to‘rt yilligi munosabati bilan ham Toshkent shahridagi 30-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun xayriya tadbirini tashkil qilgan edi.
ANORBANK bilan bog‘lik so‘nggi yangiliklar, shuningdek bankning foydali mahsulot va xizmatlari haqidagi batafsil ma’lumotlar uning rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida taqdim etilgan.
Aloqa markazi: 1290
Reklama huquqi asosida