Farg‘ona viloyatida anor bog‘lari maydoni 2018 yilda 861 gektarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilda 30 foizga ko‘payib 1 ming 120 gektarga yetdi. 2022 yilda esa viloyatda anor bog‘lari 190 tadan, ularning umumiy maydoni 2 ming 500 gektardan ortdi. E’tiborlisi, 155 ta bog‘ va 2 ming 100 gektardan ziyod anorzor maydoni Quva tumanida joylashgan.
2021 yilda 6 ming 500 tonnaga yaqin anor 12 ta xorijiy davlatlarga eksport qilindi. Joriy yilda esa Farg‘onada 12 ming tonnadan ziyod anor yig‘ishtirib olinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni kunda eksport jarayonlari avjida. Anor pishib yetilganidan so‘ng o‘tgan qisqa davr mobaynida qiymati 1,4 million dollarlik 1,5 ming tonna anor eksportga rasmiylashtirildi.

Anor asosan Rossiya, Koreya, Mongoliya, Qirg‘iziston va Ukrainaga eksport qilinmoqda. Koreya Respublikasiga anorlar aviareys bilan, qolgan davlatlarga esa yuk avtotransport vositalarida eksportga chiqarilmoqda.
Viloyatda anor eksporti bilan hozirda 70 ga yaqin tadbirkorlar shug‘ullanmoqda. Anor yetishtirish nafaqat Quva tumanida, balki Quvasoy shahri, Bog‘dod, Toshloq, Qo‘shtepa, Rishton va O‘zbekiston tumani kabi boshqa hududlarda ham rivojlanib, yig‘ib olinayotgan hosillar xorijda o‘ziga xos Farg‘ona brendiga aylanmoqda. Eng muhimi, ushbu yo‘nalishda doimiy va mavsumiy yangi ish o‘rinlari ko‘payib, aholi daromad manbalari yaratilmoqda.
M. Sulaymonov,
O‘zA