Anomal issiqda ko‘chatlarni qachon sug‘orish kerak?
Noto‘g‘ri vaqtda berilgan suv ham zarar keltirishi mumkin
Yozning anomal issiq kunlarida ko‘chat va daraxtlarni parvarish qilish odatdagidan ko‘ra katta e’tibor talab qiladi.
Ko‘pchilik havo harorati yuqori bo‘lgan paytda ko‘proq suv quyish o‘simlik uchun foydali, deb hisoblaydi. Aslida esa sug‘orishning vaqti ham, usuli ham o‘simlik salomatligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, havo harorati keskin ko‘tarilgan kunlarda ko‘chatlarni sug‘orish uchun eng maqbul vaqt kechki soat 20:00 dan ertalabgi 05:00 gacha bo‘lgan oraliq hisoblanadi. Bu vaqtda havo salqin bo‘ladi, suvning bug‘lanishi kamayadi va namlik tuproqda uzoqroq saqlanadi. Natijada suv bevosita ildizlarga yetib boradi va o‘simlikning issiqqa chidamliligi oshadi.
Yangi ekilgan ko‘chatlar tez-tez, ammo me’yorida sug‘orilishi lozim. Yosh daraxtlarga haftasiga ikki-uch marta chuqur qilib suv berish tavsiya etiladi. Katta daraxtlar esa haftasiga bir yoki ikki marta, yetarli miqdorda va chuqur sug‘orilsa, ularning ildiz tizimi mustahkamlanadi.
Mutaxassislar sug‘orishda bir qator muhim qoidalarga amal qilishni tavsiya etadi. Avvalo, suvni barglarga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ildiz qismiga quyish kerak. Bu nafaqat suv tejalishiga, balki o‘simlikning sog‘lom rivojlanishiga ham xizmat qiladi. Suvni asta-sekin berish uning chuqur qatlamlarga singishini ta’minlaydi.
Shuningdek, ko‘chat atrofiga mulcha yoyish yaxshi natija beradi. Mulcha tuproqdagi namlikni uzoq saqlaydi, ildizlarni qizib ketishdan himoya qiladi hamda sug‘orishlar orasidagi vaqtni uzaytiradi.
Eng muhimi, kunning eng issiq pallasi — soat 10:00 dan 17:00 gacha ko‘chatlarni sug‘ormaslik kerak. Bu vaqtda suv juda tez bug‘lanadi, hatto ayrim holatlarda o‘simlikka qo‘shimcha stress keltirib chiqarishi mumkin.
Tabiatni asrash har bir ko‘chatdan boshlanadi. Issiq kunlarda to‘g‘ri parvarish qilingan har bitta daraxt kelajakda soya, toza havo va salqin muhit yaratishga xizmat qiladi. Shu bois barchamiz ko‘chatlarni o‘z vaqtida va me’yorida sug‘orishga mas’uliyat bilan yondashishi muhim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA