Aniq va tabiiy fanlar: sifatli ta’lim berish masalalari muhokamada
Andijonda “STEAM yondashuvi asosida aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish: muammo, yechim va kamchiliklar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati pedagogik mahorat markazida aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishning zamonaviy qirralariga bag‘ishlangan ushbu anjumanda respublikamizdagi turli ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy darajaga ega mutaxassislar hamda amaliyotchi pedagoglar ishtirok etdi.
Anjuman ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati pedagogik mahorat markazi direktori Tursunali Turg‘unov, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nodira Shotursunova va boshqalar tomonidan mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, xususan, aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishda ilg‘or va zamonaviy uslublarni joriy etish, mazkur yo‘nalishdagi pedagoglar bilim, malaka va mahoratini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi. ta’kidlandi.
Anjumanda aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishda yangicha fikrlash, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va nazariy bilimni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Shuningdek, konferensiya davomida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Andijon davlat tibbiyot instituti hamda boshqa ta’lim va ilmiy muassasalar vakillari ham o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzalarda aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishdagi muammo va yechimlar, biologik kimyo yo‘nalishi hamda ta’limning dolzarb masalalari yuzasidan ilmiy fikrlar ilgari surildi.


Anjuman ishida onlayn qatnashgan Boku slavyan universiteti va Ozarbayjon universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shohismoil Ismoilov hamda Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti Guba filiali direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori Aysel Sheydayevaning ma’ruzalari ishtirokchilarga mavzu doirasida Ozarbayjondagi ilmiy yondashuv va tajribalar bilan tanishish imkonini berdi.
Anjuman ustoz pedagoglar tajribasi, olimlarning ilmiy qarashlari va amaliyotchi pedagogning izlanishlari bilan tanishish, ta’limning buguni va kelajagi haqida fikrlar ilgari surilgan ilmiy muloqot maydoni sifatida ishtirokchilarning bilim, tajriba va malakalarini oshirishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri