Ta’lim sifatiga ta’sir etadigan omillardan biri bu baholash. Ta’limdagi yutuqlarni hamda diagnostika qilish orqali muammolarni ko‘rsatib bera oladigan aniq va shaffof baholash tizimini joriy etish esa sohaning dolzarb talabi edi.
Davlatimiz rahbari raisligida 2023 yil 28 avgust kuni maktab ta’limidagi masalalarni muhokama qilish va ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim sifatini oshirish maqsadida umumta’lim maktablarida Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi, baholash tizimi joriy etilishi belgilangan edi. Yangi baholash tizimi amaldagisidan farq qiladi. Bunda inson omili minimallashtirilgan. U o‘quvchining bilimini ob’ektiv baholash hamda to‘g‘ri yo‘naltirishga zamin yaratadi.
Bugunga qadar respublikadagi 500 ta maktabda mazkur mezonga asoslangan (100 ballik) baholash tizimi joriy etildi. Xo‘sh, bundan qanday natijalar kutilmoqda?
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidova amaliyotda bosqichma-bosqich joriy etilayotgan yangi baholash tizimi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
– Hech kimga sir emas, ta’lim muassasasi sifatida yuklatilgan vazifaning 50 foizini ham bajara olmayotgan umumta’lim maktablari soni ko‘payib borayotgan edi, – deydi Dilrabo Davidova. – Uzoq yillar davomida aksariyat o‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham maktabga vaqt o‘tkazishga kelib-ketishdi. Ayniqsa, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi maktabda faoliyat yuritayotgan barchaning yagona “bosh og‘rig‘i” edi. Shu sabab yuqori sinf o‘quvchilariga kurslar va repetitorlarga qatnashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, o‘quvchining maktabga kelmasligi oddiy holatga aylanib bo‘lgan edi. Aksariyat bitiruvchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha kurs va repetitorlarda o‘ziga lozim fanlardan oliy ta’lim muassasalariga kirish testida tushishi mumkin bo‘lgan savollarni ko‘r-ko‘rona yodlagan yoki shularnigina yechishni o‘rgangan.
Hatto pedagoglar ikki toifaga ajraldi. Birinchi toifa – bu jonkuyar fidoyi, o‘z ustida ishlaydigan, izlanishdan to‘xtamaydigan, har safar darsiga tayyorlanib kelib, bilim berishga harakat qilib, o‘quvchilardan ham mas’uliyatni talab etadigan ustoz bo‘lsa, ikkinchi toifa darsga aniq maqsadsiz kirib vaqt o‘tishini, kun o‘tishini kutadigan, o‘quvchilar bilimini baholashda bilimdan tashqari hamma omilni inobatga oladigan o‘qituvchilardan iborat bo‘lgan.
Eng achinarlisi, aksariyat o‘quvchilar ham, ota-ona ham va hattoki maktab ma’muriyati ham bilimiga qaramasdan istalgan boshqa omillar sabab o‘quvchi bahosini muammo keltirmasdan qo‘yib berayotgan ikkinchi toifadagi ustozlarga xayrixohlik bildirgan. Yuqoridagi shu kabi holatlar barcha sohalar rivojlanishida, olib borilayotgan islohotlarning samarali natija berishida, kadrlar salohiyati oshishida katta to‘siqlarni keltirib chiqargan.
Mavjud muammolarni hal etishda eng avvalo aniq mezonlarga asoslangan baholash tizimini yaratish va joriy etish lozim edi. Bu borada ko‘pchilikda savol tug‘ildi: nega aynan mavjud baholash tizimi o‘zgartirilishi kerak?
Eng avvalo yangi, mezonlarga asoslangan baholash tizimi ta’lim sohasining barcha ishtirokchilari faoliyatiga aniq baho berish imkonini beradi. Mazkur tizim o‘quvchining o‘zlashtirish darajasiga qo‘yiladigan bahoning sub’ektiv emas ob’ektivligini, nisbiy emas aniqligini ta’minlash bilan birga, o‘quvchilarga turli xil ta’lim uslublaridan foydalanish, ta’lim natijalarini tasdiqlash, funksional savodxonligini oshirish, bilish va tushunish hamda bundan kelib chiqib o‘z ta’lim natijalarini bashorat qilish, mulohaza yuritish, o‘z-o‘zini va tengdoshlarini baholash, bilim va ko‘nikmalaridan foydalangan holda real muammolarni hal qilish, nuqtai nazarlarni ifodalash hamda tanqidiy fikrlashni o‘rgatadi.
Alohida qayd etishim lozimki, har bir maktabda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarning biridan jalb etilgan, mezonga asoslangan baholash bo‘yicha tajribaga ega hamda yangi tizimga moslashishda o‘qituvchi va o‘quvchilarga ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan metodist (to‘liq shtatdagi xodim) va trener mavjud.
Ta’lim islohotga va yangilikka muhtoj. Bu borada qanday muammo va to‘siqlar bo‘lishidan qat’i nazar, tizimni o‘zimizga moslashtirishimiz kerak.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA