Oxirgi 2-3 yilda poytaxtimiz atmosfera havosining yomonlashuvi bo‘yicha turli xalqaro reytinglarda «yuqori» o‘rinlarda qayd etilmoqda. Buning oldini olish va barqaror ekologik muhitni saqlab qolishning yagona yo‘li esa daraxtlarni ko‘paytirish va borlarini saqlab qolishdir.
Afsuski, davlat rahbarining tegishli farmoniga muvofiq davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan bo‘lsada, ayrim hududlarda daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish holatlari uchramoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi «Anhor-Lokomotiv» bog‘i va unga tutash hududlarda ko‘p kvartirali uy-joylar, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi rejalashtirilganligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.
Bu esa keng jamoatchilik va «Anhor-Lokomotiv» bog‘i yaqinida istiqomat qiluvchi aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Ayni shu holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligiga DEPUTATLIK SO‘ROVI yuborildi.
So‘rovda «Anhor-Lokomotiv» bog‘ini madaniy hordiq chiqarish va dam olish maskani sifatida saqlab qolish choralari belgilanganmi, bog‘ va unga tutash hududlarda ko‘p kvartirali uy-joylar, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi qonun hujjatlariga qanchalik muvofiq keladi, degan mazmundagi savollar ko‘tarilgan.
Qayd etish lozimki, bugun atmosfera buzilishi va boshqa ko‘plab ekologik muammolarning oldini olishda noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish, yashil maydonlarni ko‘paytirish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada Ekopartiya deputatining ushbu so‘rovida ko‘tarilgan masalalar poytaxt markazidagi dam olish maskanini saqlab qolish va toza ekologiyaga hissa qo‘shishga xizmat qiladi.
M. Komilova, O‘zA