Angrenda “ko‘cha bezorilari” qilmishlariga chek qo‘yildi
Toshkent viloyati Angren shahrida ko‘cha bezoriligi va tovlamachilik bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.
Xususan, joriy yil 2-aprel kuni mazkur hududda yashovchi 1992-yilda tug‘ilgan, “Pomidor” laqabli X.S o‘z tanishlari 2003-yilda tug‘ilgan X.A va 2003-yilda tug‘ilgan A.U lar bilan birga jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, hech bir sababsiz boshqa shaxsga qarshi ko‘cha janglarini uyushtirgan.

Ushbu voqeaning guvohi bo‘lgan va janjallashayotganlarni ajratishga harakat qilgan 2002-yilda tug‘ilgan B.J va 2002-yilda tug‘ilgan S.A larga ham voqea joyida tan jarohat yetkazilgan. Natijada ular Angren shahar tibbiyot birlashmasiga murojaat qiladi. Tibbiy xulosaga ko‘ra, mushtlashuv natijasida fuqaro B. J ning chap pastki yopiq jag‘ suyagi sinishi, yumshoq to‘qimalar lat yeyishi, chap qorin sohasi jarohati aniqlandi.
Shundan so‘ng tartibbuzarlarning xatti-harakatlariga nisbatan jabrlanuvchilar huquq-tartibot idoralariga ariza yo‘lladi. Shu asosida Angren shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Huquqbuzarlikda gumonlanuvchi shaxslar tegishli tartibda qo‘lga olindi. Holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu kunlarda Toshkent viloyati bo‘ylab Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar qilinyapti.
Biroq shunga qaramay o‘zi yashab turgan joyda yomon nom chiqarayotgan, amaldagi qonunlarni mensimay yuqoridagi kabi salbiy holatlarni sodir etayotgan ayrim shaxslarning uchrayotgani achinarlidir.
A.Musayev,O‘zA.