Angrenda “Delfin” yopiq suv havzasi ochildi
Angren shahar Bolalar-o‘smirlar sport maktabida “Delfin” yopiq suv havzasi qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, "Olmaliq KMK" AJ Boshqaruv raisi Abdulla Xursanov, shahar hokimligi va bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarni sportga jalb qilish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun joylarda zarur sharoit yaratilayotgani, zamonaviy sport majmualarining ishga tushirilishi kelgusida o‘z samarasini beradi.
Mazkur majmua 1981 yilda qurilgan va hozirgi kunda Angren shahar bolalar-o‘smirlar sport maktabiga qarashli. Suv havzasi ko‘p yillar qarovsiz holda bo‘lgan. Tashabbuskorlarning sa’y-harakatlari natijasida yopiq suv havzasi to‘liq kapital ta’mirlandi.

Bu yerda 7 ta suzish, umumiy tarzda 19 ta sport turlari bo‘yicha mingdan ziyod aholi va sportchilar shug‘ullanishi mumkin. Majmua atrofida yengil va og‘ir atletika, tennis korti va boshqa sport komplekslari ham bunyod etilgan.
Bino esa zamon talablari asosida ta’mirlangan bo‘lib, eng so‘nggi sport jihozlari o‘rnatilgan. Sinxron suzish, suvga sakrash, suv polosi kabi sport turlari bo‘yicha shug‘ullanish mumkin. Suv havzasida professional sport musobaqalari o‘tkazish mumkin. Uning atrofida esa tomoshabinlar uchun 260 o‘rinli joylar qilingan. Bu yerda 35 ta ish o‘rini yaratilgan. Bir kunda 792 nafar, bir oyda esa 23 ming 760 nafar axoliga xizmat ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Hozir ko‘plab angrenliklar, yoshlar bu yerda suzish bo‘yicha turli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish istgini bildirmoqda.
Ochilish marosimida ishtirokchilar zamonaviy suv havzasida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

A. Musayev,O‘zA