Angliya va Argentina yarim finalda: mundialning eng kutilgan to‘qnashuvlaridan biri oldidan
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining chorak final bosqichi yakunlandi va 1/2 finalga yo‘l olgan barcha terma jamoa nomi aniq bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, AQSHning Mayami shahridagi “Miami Stadium”da o‘tkazilgan chorak final bahsida Angliya milliy terma jamoasi Norvegiya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvning 36-daqiqasida Andreas Shelderup hisobni ochib, norvegiyaliklarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtning ikkinchi daqiqasida Jud Bellingem hisobni tenglashtirdi.

Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlanganidan so‘ng jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarda g‘olibni aniqlashga kirishdi. Bellingem 93-daqiqada o‘zining ikkinchi golini kiritib, Angliyaga yarim final yo‘llanmasini taqdim etdi.
Missuri shtati, Kanzas-Siti shahridagi “Kansas City” stadionida o‘tgan Argentina va Shveysariya terma jamoalari to‘qnashuvi 3:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvning 10-daqiqasida Aleksis Makallister Lionel Messi burchak to‘pidan amalga oshirgan aniq uzatmani golga aylantirib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda Dan Ndoye hisobni tenglashtirishga erishdi.

Bahsning 72-daqiqasida muhim vaziyat yuzaga keldi. Dastlab bosh hakam Leandro Paredesga sariq kartochka ko‘rsatdi. Biroq VAR tizimi orqali epizod qayta ko‘rib chiqilgach, qaror o‘zgartirildi va Brel Embolo simulyatsiya qilgani uchun ikkinchi sariq kartochka bilan maydondan chetlatildi.
Bir nafar kam bo‘lib qolgan Shveysariya qo‘shimcha vaqtda bosimga dosh bera olmadi. 112-daqiqada Xulian Alvares Argentinani yana oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 120+1-daqiqada Lautaro Martines uchrashuvga nuqta qo‘ydi.
Darvoqe, mazkur bahs Lionel Messi uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etdi. Makallisterning golida assist muallifi bo‘lgan tajribali hujumchi jahon chempionatlari tarixidagi 10-golli uzatmasini amalga oshirdi va ushbu natijaga erishgan ilk futbolchiga aylandi. Shuningdek, Messi 21 ta gol bilan mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi.

Shveysariya esa turnirni munosib tarzda yakunladi. Jamoa 1954-yildan buyon Jahon chempionatidagi eng yaxshi natijasini takrorlab, chorak finalgacha yetib keldi.
Shu tariqa, mundialning yana bir yarim finalida Angliya va Argentina terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Bahs mamlakatimiz vaqti bilan 16-iyul kuni soat 00:00 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA