Keyingi yillarda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining rivojlangan mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Andijon davlat chet tillari institutida ham bu borada e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Institutning Angliyaning nufuzli universitetlari bilan aloqalari yanada rivojlanmoqda. Xususan, Nayltil institute va Reading universitetlari bilan hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilib, o‘quv dasturlarini yaratishda ushbu universitetlarning tajribasidan keng foydalanilmoqda. Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda tajriba o‘rganish maqsadida institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov rahbarligida bir guruh mutaxassislar Angliya universitetlarida bo‘lib qaytdi.
Ta’kidlash joiz, Angliya ta’lim sohasida o‘ziga xos an’analar va juda katta bazaga ega yurt hisoblanadi. Angliyadagi qator universitetlar ko‘p asrlik tarixga ega.
Safar davomida institut rektori Lids, Reading, Sharqiy Angliya universitetlarida, shuningdek, London biznes oliy maktabida, Nayl til institutida bo‘lib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator shartnomalar imzoladi, kelishuvlarga erishdi.
Dunyo universitetlari reytingida TOP-150 talik ro‘yxatda bo‘lgan nufuzli Lids universiteti vakillari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv samarali o‘tdi. Muloqot davomida ikki oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilarning ilmiy stajirovkasi va malaka oshirishi, qo‘shma ta’lim va akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma doktorantura tashkil etish, o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
–Lids universiteti olimlari bilan ingliz tili bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan, biroq ushbu til bo‘yicha maxsus malakaga ega bo‘lish ustunlik beradigan kasblar, xususan, muhandislar, quruvchilar va boshqa kasbga ixtisoslashgan mutaxassislar uchun ingliz tilini o‘rgatish modulini O‘zbekistonda tatbiq etish bo‘yicha fikr almashildi, – deydi Andijon davlat chet tillar instituti rektori, professor Dilshodbek Rustamov. – Yurtimizda muhandis va boshqa kasb mutaxassislariga maxsus ingliz tili o‘qitish modullarini ishlab chiqish bo‘yicha mazkur universitet olimlari bilan kelishuvga erishdik.
Shuningdek, uchrashuvlar doirasida professor-o‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash maqsadida onlayn forum tashkil etish belgilandi. Bundan tashqari, Andijon davlat chet tillar instituti ta’lim yo‘nalishlari o‘quv dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqish, TOP-300 talik universitetlar o‘quv dasturlariga yaqinlashtirish bo‘yicha xamkorlik masalasi bo‘yicha muhokamalar ham ijobiy yakunlandi.
[gallery-18877]
Reading universiteti Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Devid Karter, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Klar Furno bilan uchrashuvda ham qator masalalar muhokama qilindi. Yakunda universitet hamda Andijon chet tillar instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga ko‘ra, ikki oliy o‘quv yurti tadqiqotchilari qo‘shma ilmiy loyihalar olib borish, hamkorlikda ilmiy maqola va monografiyalar tayyorlash, qo‘shma doktorantura tashkil etish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, muhandislik yo‘nalishlari uchun maxsus dasturlar asosida ingliz tilini o‘qitishning muammo va yechimlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish bo‘yicha ham kelishib olindi. Bundan tashqari, Reading universitetining 20 nafar talabasi Andijondagi yozgi lagerga tashrif buyuradi.
Dilshodbek Rustamov Norvich shahridagi Nayl til institutida bo‘ldi. Ushbu institut tillarni o‘qitish sohasida yetakchi ilmiy tadqiqot va o‘qitish markazi hisoblanadi. Institut direktori Tom Kiddle bilan uchrashuvda turli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik muhokama qilindi, kelishuvlarga erishildi. Jumladan, professor-o‘qituvchilarni malaka oshirishga yuborish va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Sharqiy Anglia universiteti vakillari bilan muzokaralar ham samarali o‘tdi. Universitetning xalqaro aloqalar departamenti direktori Sed Nux bilan bo‘lgan uchrashuvda institut tadqiqotchilari uchun Sharqiy Angliya universitetidan ilmiy rahbarlar tayinlash, qo‘shma tadqiqot loyihalari va qo‘shma akademik nashrlar bo‘yicha, shuningdek, Sharqiy Angliya universitetidan professorlarni taklif qilish va talabalarning qo‘shma amaliyot dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Sharqiy Angliya universiteti vakillari uchun Andijonda madaniy almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zbek va boshqa Osiyo tillarini o‘rganish uchun 10 kunlik yozgi lager tashkil etish taklifi hamkorlar tomonidan ijobiy qabul qilindi.
London biznes oliy maktabi o‘zining boy tarixi va bitiruvchilar klubining nufuzi jihatidan dunyoda yuqori o‘rinda turadigan muassasalardan biri hisoblanadi.
London biznes oliy maktabi dekani Kim Soin hamda biznesni rivojlantirish menejeri Gaurav Jain bilan uchrashuvda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.
Professor Dilshodbek Rustamov Angliya safari davomida London biznes oliy maktabi hamda Reading universitetida tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz bilan ham uchrashdi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri