Angela Merkel BMT mukofotiga sazovor bo‘ldi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi boshqarmasi 2022 yilgi Nansen mukofoti laureati nomini e’lon qildi. Bu safar faxriy mukofot Angela Merkelga topshirildi, deya xabar bergan “Kazinform” xalqaro axborot agentligi.
2015-2016 yillarda Merkel Germaniya kansleri sifatida Suriyada mojaro hududida qolgan 1.2 milliondan ziyod qochqin Germaniyadan boshpana topishiga imkon beruvchi bir qator muhim qarorlar qabul qilgan. O‘sha paytdagi qiyinchilikka qaramay, Angela Merkel nemis xalqini “o‘ziga ishongan, ochiq va rahmdil” bo‘lishga, qochqinlarga yordam berishga chaqirgan.
Har yili BMTning qochqinlar bo‘yicha agentligi tomonidan norvegiyalik tadqiqotchi, olim, diplomat va gumanist Fritof Nansen sharafiga tayinlangan mukofot munosib vakilga topshiriladi.
BMT axborot sayti ma’lum qilishicha, mukofotni qo‘lga kiritishning asosiy sharti – qochqinlar, ko‘chirilganlar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar huquqini himoya qilishga alohida hissa qo‘shish.
Tashkilotning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi Merkelning boshpana izlovchilarni himoya qilish va inson huquqi, insonparvarlik tamoyili va xalqaro huquqni hurmat qilishdagi qat’iyatini olqishlagan.