Andijonning "Yosh kitobxon”i aniqlandi
G‘oliblar viloyat Axborot-kutubxona markazidan bepul foydalanish huquqini ham qo‘lga kiritdi.
Andijon shahridagi Yoshlar markazida "Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ochilishida kitobning jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi, inson kamolotida tutgan o‘rni va ahamiyati nihoyatda katta ekanligi ta’kidlandi. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishini, mutolaa madaniyatini oshirish borasidagi ishlarni yanada yuksaltirish lozimligi aytib o‘tildi.
[gallery-1285]
Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida uch yosh toifasida o‘tkazilgan tanlovda uning tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni ko‘lga kiritgan 48 nafar yosh kitobxon ishtirok etdi. Ular belgilangan shartlar asosida o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyish etdi.
Qiziqarli, murosasiz bahslar bilan o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘z yosh toifalarida eng yuqori ball to‘plagan uch nafar ishtirokchi – Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 5-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ilhomjon Isroiljonov, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 11-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dilnavoz Hayitahmatova va Oltinko‘l tumanidagi 35-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Fotima Mamitaliyeva tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning g‘olib va ishtirokchilari Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan diplom, kitoblar jamlanmasi, shuningdek, viloyat Axborot-kutubxona markazidan bepul foydalanish huquqini beruvchi "Kitobxonlik guvohnomasi" bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov(surat), O‘zA