Andijon viloyati mamlakatimizdagi hududi jihatidan eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi.
Andijon viloyati mamlakatimizdagi hududi jihatidan eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi. Yanada aniqroq aytadigan boʻlsak, Andijon viloyati respublika hududining 1 foizini, aholisi esa 10 foizini tashkil etadi. Shu bois ham, viloyatda yerning har bir qarich maydonidan unumli va oqilona foydalanish talab etiladi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida ana shu jihatni hisobga olib, qolaversa, ekin maydonlarini kamaytirmaslik maqsadida viloyatning adir zonalarida arzon, koʻp qavatli uylar qurish va shu orqali tobora oʻsib borayotgan aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida qator vazifalar belgilab bergan edi.
Har bir inson, ayniqsa, oʻzbek xalqi uchun boshpana, uy-joy qilish eng muhim hayotiy ehtiyojlardan biri hisoblanadi. Shu bois ham, Prezidentimizning arzon uy-joylar qurish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash borasidagi tashabbusi andijonliklarni behad quvontirdi. Chunki uy-joy masalasi viloyatdagi eng dolzarb masalalardan biridir. Viloyatning aksariyat hududlarida bir hovlida ikkita, uchtadan oila yashaydi.
Hatto, koʻp qavatli uyga ikkita kelin tushirgan oilalar bor. Bu albatta, oilaviy munosabatlar, turmush tarzi bilan bogʻliq qator muammolarni yuzaga keltiradi. Viloyatda koʻp qavatli uylar qurilishiga alohida eʼtibor qaratilayotganligi esa ana shu muammolarni, kishilarning birinchi galdagi ehtiyojlaridan biri uy-joy masalasini ijobiy hal etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida keyingi ikki yil ichida birgina Andijon shahrining oʻzida 1 ming 798 kvartirali 41 ta koʻp qavatli uylar barpo etildi.
Prezidentimiz topshirigʻi, qolaversa, 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan viloyat hokimi tashabbusi bilan Andijon shahri bilan tutash adir hududlarida koʻp qavatli arzon uy-joylar qurish boʻyicha dastur ishlab chiqildi.

Dasturga koʻra, 2020-yilda Xoʻjaobod tumani Ittifoq massividagi adir zonasida bir necha bosqichda 35 ta koʻp qavatli uy quriladi. Birinchi bosqichda 330 kvartirali 2-3 xonadan iborat 11 ta koʻp qavatli uylar qad rostlaydi. Barpo etiladigan uylarning 9 tasi uy-joyga muhtoj aholiga, ikkitasi esa xizmat uyi sifatida harbiylarga berilishi koʻzda tutilgan.
Ayni kunda bu yerda ishlar qizgʻin pallaga kirgan. Yil boshida boshlangan qurilish jarayonida koʻp qavatli uylarni qurish, kommunikatsiya, infratuzilmani barpo etish boʻyicha belgilangan barcha ishlar reja asosida amalga oshirilmoqda.
- Adir hududlarda tuproqning yumshoqligi, oʻtirib qolish ehtimoli yuqoriligi hisobga olinib, qator xorijiy davlatlarning mazkur yoʻnalishdagi tajribalari oʻrganildi, — deydi viloyat bosh arxitektori Shokirjon Toʻraboyev. — Qurilish ishlari asosan, ilgʻor Turkiya texnologiyasi qoʻllangan holda olib borilmoqda, har bir jarayon mutaxassislar tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.

- Qurilish uchun nimaga aynan ushbu joy tanlandi, degan savol koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy — deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Mutaxassislarimiz tomonidan anchadan buyon adirlik hududlarida koʻp qavatli uylar qurish, joy tanlash borasida oʻrganishlar olib borilmoqda.
Ushbu hudud eng avvalo, Andijon shahrining shundoq yuqori qismida, Andijon – Oʻsh avtomagistral yoʻli boʻyida joylashgan, qolaversa, bahavo, yozning issiq kunlarida ham doimiy shabada esib turadi.
Bundan tashqari, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlariga birmuncha yaqin ekanligi ishlarni nisbatan tez amalga oshirish, infratuzilma xarajatlarining oʻta baland boʻlmasligini taʼminlaydi.

Xonalari, ayvoni (balkon) birmuncha keng, har bir podezdida lift boʻladigan mazkur uylar oʻziga xos, noodatiy koʻrinishda, zinapoya tarzida barpo etilmoqda. Uylar orasidagi masofa ham ancha uzoq boʻladi. Bu har bir uyning atrofida bolalar, sport maydonchalari, suhbatgohlar, avtomobillar turar-joylarini barpo etish imkonini beradi. Umuman, yashovchilar uchun zarur barcha sharoitlar yaratiladi.
Qurilishning birinchi bosqichida belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun 30 ga qurilish va xizmat koʻrsatish tashkilotlari jalb etilgan, yuzlab texnika vositalari tinimsiz ishlamoqda. Qurilish jarayonida minglab ishchilar, mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.
Hozirda yoʻllar chiqarilib, uylar uchun belgilangan maydonlar kovlanib, poydevorlari quyildi, uylarning bir necha qavati qad rostladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, uy quriladigan maydonlar bir necha metr kovlanib, shagʻal, sheben bilan toʻldirilib, yuqori bosim ostida zichlangan. Shundan keyingina fundament quyilgan.

Massivdagi har bir uyning kanalizatsiya tarmogʻi bir-biriga bogʻlanadi. Oqova suvlar toʻplanadigan va qayta ishlanadigan alohida yirik suv-tozalash inshooti quriladi.
Davlatimiz rahbari 20-21-may kunlari viloyatga tashrifi doirasida massivda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Qurilish ishlari sifati va samaradorligini oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
Ulkan hududda barpo etilayotgan massivda yashovchilar uchun zarur barcha qulaylik va sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, bu yerda maktabgacha taʼlim tashkiloti, maktab, guzar, bozorcha, bir nechta minimarketlar ham barpo etiladi. Umuman, mazkur hudud oʻzining betakror landshafti, goʻzal qiyofasi bilan andijonliklarning orzusidagi goʻzal maskanlardan biriga aylanadi.

- Xalqimiz qalbidagi ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun mehnat qiladi, farzandlariga toʻy, uy-joy qilish orzusi bilan yashaydi, bu har birimizning hayotimiz mazmuniga aylangan haqiqat, — deydi Andijon viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Oʻktamjon Oxunov. — Yurtboshimiz tashabbusi bilan bugun arzon uy-joylar qurilishiga alohida eʼtibor qaratilayotganligi, butun xalqimiz, ayniqsa, andijonliklarning dilidagi orzulari ijobati, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Yurtdoshlarimizning uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish, turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shubhasiz, ularning Prezidentimizga, davlatimizga ishonchini, ertangi kunga umidini yana-da mustahkamlaydi.
“Ittifoq” massivida barpo etilayotgan koʻp qavatli, arzon uylar birinchi navbatda Andijon shahri, Andijon, Xoʻjaobod, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlaridagi uy-joyga muhtoj, shuningdek, uy-joy olish uchun navbatda turgan oilalarga berilishi koʻzda tutilgan.