Andijonlik yoshlarga xalqaro ta’lim imkoniyatlari tanishtirildi
Andijon shahridagi Prezident maktabida “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya dasturlari hamda yoshlarning nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda jamg‘arma vakillari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek, umumta’lim va xususiy maktablar o‘quvchilari hamda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi ishtirokchilari qatnashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning xorijda zamonaviy bilim va ilg‘or tajriba orttirishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish uchun taqdim etilayotgan stipendiya dasturlari, ularda ishtirok etish shartlari, tanlov jarayonlari hamda nomzodlarni saralash mezonlari tushuntirildi.
Shuningdek, stipendiya dasturlari doirasida ta’lim olish bilan bog‘liq xarajatlar, jumladan, kontrakt to‘lovlari, aviachiptalar, o‘quv va ilmiy adabiyotlar uchun sarflanadigan mablag‘larni moliyalashtirish tartibi haqida so‘z yuritildi.
Muloqot davomida xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida egallangan bilim va tajribani yurtimiz taraqqiyotiga yo‘naltirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-31983]
Tadbir savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan xalqaro ta’lim dasturlari, stipendiya tanlovlarida ishtirok etish tartibi va akademik imkoniyatlar yuzasidan mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar yoshlarning xalqaro ta’lim imkoniyatlari haqidagi bilim va tasavvurlarini kengaytirish, ularni o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yishga undash hamda kelgusida malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA