Andijonlik yoshlar xalqaro tanlov g‘olibi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Niva istiqbollari” (“Nevskiye perspektivы) xalqaro san’at festival tanlovida andijonlik bir guruh yoshlar g‘olib va sovrindor bo‘ldi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iste’dod va salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, yurtimiz yoshlari nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosdagi turli san’at tanlov va festivallarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Bolalar va o‘smirlarning ijodiy iqtidorlarini rivojlantirish xalqaro loyihasi doirasida jahondagi qator mamlakatlardan kelgan yosh iqtidorlar ishtirok etgan “Niva istiqbollari” xalqaro festival tanlovida yurtimiz yoshlarining erishgan yutuqlari fikrimizga bir misoldir.
Kuni-kecha yakunlangan tanlovda Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi “Estrada” yo‘nalishi o‘quvchisi Muhammadali To‘lqinov, “Xalq cholg‘ulari ijrochisi" yo‘nalishi dutor mutaxassisligi o‘quvchisi Dilbaroy Qo‘chqorova, Andijon shahridagi 3-son Bolalar musiqa va san’at maktabi qashqar rubobi mutaxassisligi o‘quvchisi Sardorbek O‘lmasboyev, Asaka shahridagi 11-son Bolalar musiqa va san’at maktabi doira mutaxassisligi o‘quvchisi Shoxabbos O‘lmasboyev faxrli 1- o‘ringa, shuningdek, Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi "Xor dirijyorligi" yo‘nalishi o‘quvchisi Mehrinoz Shukirillayeva hamda Andijon shahridagi 3-son Bolalar musiqa va san’at maktabi fortepiano yo‘nalishi o‘quvchisi Shohjahon O‘lmasboyev 3- o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Tanlovda M. To‘lqinov tomonidan ijro etilgan P. Qodirovning "Yulduzli tunlar" romanidan Bobur monologi, A. Chexovning "Jon achchig‘i" qissasidan aktyor monologi, A. Oripovning "San’atkor" xikoyasidan sahna ko‘rinishi, D. Qo‘chqorova tomonidan ijro etilgan "Rohat", "Tabassum" va "Ko‘ngil guldastasi" singari xalq kuylari, Mehrinoz Shukirillayeva ijro etgan qo‘shiqlar, Sh. O‘lmasboyevning doira yordamida ijro etgan "Qashqarcha" o‘zbek xalq kuyi, "Doira zarbi termalari" tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

– Ayniqsa, Shohjahon O‘lmasboyevning fortepianoda ijro etgan "Prelyudiya", "Bolalar sonatasi", "Noktyurn" kuylari tomoshabinlarning alohida olqishiga sazovor bo‘ldi, – deydi uning ustozi Xolida Hakimova. – O‘quvchimning, umuman, yurtimiz yoshlari erishgan bu kabi muvaffaqiyatlar barchamizning qalbimizga faxr-iftixor tuyg‘usini soladi.
Nufuzli xalqaro festivalda muvaffaqiyat qozongan iqtidorli yoshlarimiz ishonamizki, kelgusida yana ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Chunki ularning qalbida o‘ziga ishonch, ertangi kunga umid bor, ortlarida esa ular kabi yoshlarni hamisha qo‘llaguvchi Vatani turibdi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA