Andijonlik yoshlar marafonda bellashdi
Andijonda “Andijon yoshlari - yangi marralar sari!” shiori ostida marafon o‘tkazildi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Beshta muhim tashabbus” doirasida viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi, yengil atletika federatsiyasi hamkorligida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sportga keng jalb etish, yugurish sportini ommalashtirish, umuman, sport va sog‘lomlashtirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan marafonda umumta’lim maktablari o‘quvchilari, talaba yoshlar hamda turli yoshdagi fuqarolar ishtirok etdi.
Andijon shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda viloyatning barcha tuman, shaharlari vakillari ishtirok etdi.
– Yoshidan qat’i nazar sport bilan shug‘ullangan kishi hamisha sog‘lom va baquvvat bo‘ladi, – deydi marafon ishtirokchisi, Andijon davlat universiteti talabasi Nodirbek Mutalipov. – Shu ma’noda minglab yoshlarni birlashtirgan ushbu marafon jismonan sog‘lom bo‘lishimizga yordam berish bilan birga, biz yoshlarga kuch-g‘ayrat, shijoat ulashdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, “Eng yoshi kichik ishtirokchi”, “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA