Andijonlik sportchilar ustoziga “Damas” sovg‘a qildi
Botirjon Muqimov Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi 2-umumta’lim maktabida qariyb 40 yildan buyon o‘quvchilarga jismoniy tarbiya fanidan saboq berdi.
Qolaversa, tumanda uning tashabbusi va tashkilotchiligi bilan juda ko‘p sport musobaqalari tashkil etildi.
Kasbining fidoyisi, minglab yoshlarning sevimli va ardoqli ustoziga aylangan Muqimjon Botirov sport sohasining yetuk mutaxasisi va bilimdoni, tashkilotchi va tashabbuskor bo‘lgani uchun ham mutasaddilar unga turli lavozim va vazifalarda ishlashni ko‘p bor taklif etishdi. Lekin u takliflarni hech qachon qabul qilmadi. Chunki u kasbining fidoyisi sifatida maktabni qadrdon maskan, o‘quvchilar bilan ishlashni o‘zining muqaddas burchi deb bildi, maktabni tashlab ketmadi.
U uzoq yillik faoliyati davomida yuzlab mahoratli sportchilarni yetishtirdi, minglab yoshlarni jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib jismonan sog‘lom, barkamol voyaga yetishiga yordam berdi. Yillar davomida uning shogirdlari orasidan 10 dan ortiq sport ustalari, 20 dan ortiq mamlakat chempioni, xalqaro musobaqalar sovrindorlari yetishib chiqdi.
Bugun Botirjon Muqimovdan saboq olgan shogirdlar fidoyi ustozlariga minnatdorchilik tariqasida “Damas” avtomashinasini sovg‘a qildi.
– Shogirdlarim e’tiboridan boshim ko‘kka yetdi, – deydi ustoz B. Muqimov. – Ustoz uchun e’tirofdan, shogirdlar ehtiromidan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Bugun men dunyodagi eng baxtli insonlardan biriga aylandim.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA