Andijonlik 255 nafar fuqaro Belarusda ish boshlaydi
FOTOREPORTAJ
Belarus Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Andijon viloyatidan yo‘lga chiqqan 255 nafar fuqaro belgilangan manzilga yetib bordi. Ularni Vitebsk aeroportida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya hamda Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi mas’ullari kutib oldi.
Mazkur tashabbus Andijon viloyati delegatsiyasining Belarus Respublikasiga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi bo‘ldi. Uchrashuv va muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik bilan bir qatorda mehnat migratsiyasi sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilinib, aniq kelishuvlarga erishildi.
[gallery-30386]
Kelishuvlarga muvofiq, fuqarolar Belarusda munosib mehnat sharoitlari, yuqori ish haqi va ijtimoiy kafolatlar asosida ish bilan ta’minlanadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarning barqaror daromad manbaini shakllantirish, oilalar farovonligini oshirish hamda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA