Andijonda yoshlar velomarafoni bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida o‘tkazilayotgan Yoshlar oyligi doirasida Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Yoshlar velomarafoni” bo‘lib o‘tmoqda.
Yoshlarning hamjihatligini mustahkamlash, faol yoshlar safini kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda velosport turining ommaviyligini oshirish maqsadida o‘tkazilgan velosport musobaqalarida havaskor sportchilar hamda faol va uyushmagan yoshlar vakillari ishtirok etmoqda.
[gallery-2683]
Bo‘ston tumanida o‘tkazilgan musobaqada ham yuzlab yigit-qizlar faol ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, yoshlar ittifoqi tuman bo‘limlari hamkorligidagi musobaqa qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Yakunda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Nurillo Omonov, qizlar o‘rtasida esa Gulsanam Sobirova birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA