Andijonda xorij kinolari namoyish etilmoqda
“Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Andijonda xorijiy mamlakatlar kino kunlari o‘tkazilmoqda.
Andijon shahardagi “O‘zbegim” savdo-ko‘ngilochar markazi hamda viloyat ko‘g‘irchoq teatrida festival qatnashchilari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Xorijiy davlatlar kinofilmlari namoyish etilayotir.
Andijonga tashrif buyurgan Qozog‘iston va Tojikiston kinoijodkorlari Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasi, bu yerda tashkil etilgan milliy hunarmandchilik, tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmalari bilan tanishdi, shuningdek, mashhur kinoaktyor Abbos Bakirov nomidagi 30-umumta’lim maktabi bo‘lishdi. Abbos Bakirov ishtirokidagi filmlar namoyish etildi.
Viloyat qo‘g‘irchoq teatrida respublikamiz va qozog‘istonlik taniqli aktyor, prodyuser va rejissyorlar ishtirokidagi uchrashuvda 1968-1999 yillar davomida o‘tkazilib, keyin to‘xtab qolgan Toshkent xalqaro kinofestivalining tiklanganligi, ushbu kinofestival mamlakatimizda kino san’atini rivojlantirish, dunyo kinoijodkorlari bilan tajriba almashish va hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
[gallery-4136]
– O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘z vaqtida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari xalqaro kinofestivali deb nomlangan xalqaro festivalning “Buyuk ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan qayta tiklanganligidan shaxsan men juda xursandman, – deydi kinorejissyor, Qozog‘iston Kinematograflar uyushmasi a’zosi Sotvaldi Tekeyev.
– Ushbu anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari va Qozog‘iston kinosi rivojiga, turli mamlakatlar kinoijodkorlari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Uchrashuvdan so‘ng qozog‘istonlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Vaqt yo‘llari” nomli kinofilm namoyish etildi.
Qozoq xalqining qishloq hayoti, turmush tarzi, an’ana va qadriyatlari, qozoq ayolining sabri, mehnatkashligi aks etgan qiziqarli syujetli ushbu filmni uchrashuv qatnashchilari katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Andijon shahridagi "O‘zbegim" ko‘ngilochar markazida esa tojikistonlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “O‘qituvchi”, “Avtobus” filmlari namoyish etildi.
Andijonda kino kunlari davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA