Z.M.Bobur nomli Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida “Central Asia: fan, ta’lim madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XV Xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, blogerlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i Qobiljon Tursunov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Nasibaxon Xoldarova, “Kutubxona.uz” jurnali bosh muharriri, professor Abdusalom Umarov, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Marat Rahmatullayev va boshqa mutasaddilar ishtirok etgan tadbirda konferensiyaning maqsad va vazifasi, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-7261]
– Shu yil 25-27 may kunlari bo‘lib o‘tadigan Xalqaro konferensiyada Qoraqolpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlari axborot-kutubxona markazlari rahbarlari, soha mutaxassislari, shuningdek, o‘nga yaqin xorijiy mamlakatlardan 30 nafar ekspertlar ishtirok etadi, – deydi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari N. Xoldarova. – Anjuman davomida yalpi majlis, sho‘’balar doirasida seminar-trening hamda mahorat darslari o‘tkaziladi.
Shuningdek, anjuman doirasidagi tadbirlarda onlayn, oflayn tartibida 300 dan ziyod ishtirokchi kuzatib borish uchun ro‘yxatdan o‘tganligi, ro‘yxatdan o‘tuvchilar soni tobora ortib borayotganligi ta’kidlandi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, Andijonning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar ham tashkil etiladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA