Andijonda ustoz va murabbiylar sharaflandi
Andijon shahridagi “Barkamol avlod” o‘yingohida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fidoiy ustoz va murabbiylarga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Prezidententimiz farmoniga asosan, turli orden, medal va ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan bir guruh ustoz va murabbiylarga mukofotlar topshirildi.
[gallery-4135]
Tadbirda mamlakatimizda ta’lim tizimini yuqori bosqichga ko‘tarish, muallimlar, murabbiylar nufuzini, jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, insonni kamol topishida, unga bilim va odamiylik, mehr-oqibat, ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuyg‘ularini singdirishda, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimizning munosib a’zosi bo‘lib hayotda o‘z o‘rnini topishida ta’lim sohasi fidoyilarining hissasi beqiyos ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda viloyatdagi umumta’lim maktablariga Prezident sovg‘asi - futbol, voleybol, gandbol to‘plari, shaxmat taxtasi, umuman, 13 turdan iborat sport jihozlari topshirildi.
Yurtimizning mashhur qo‘shiqchilari, estrada xonandalari ishtirokidagi badiiy dastur, ijro etilgan qo‘shiq va raqslar tadbir qatnashchilariga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA